Agrar sektorda malakali kadrlarga talab katta
Toshkent davlat agrar universitetida “Hokim va Yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda Toshkent viloyat hokimi Zoyir Mirzayev talaba-yoshlar bilan yaqindan suhbat qildi.
Suhbatda yoshlarga qaratilayotgan e’tibor, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi sohasida raqamlashtirish, innovatsiyalarni joriy etish va zamonaviy agrotexnologiyalarni o‘zlashtirish borasidagi ustuvor vazifalarga to‘xtalib o‘tildi.
Qayd etilganidek, mazkur oliygohda shu kungacha 100 mingdan ortiq oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlangan bo‘lib, ular bugungi kunda nafaqat mamlakatimiz balki, Markaziy Osiyo va ko‘plab xorijiy davlatlarda qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi sohalarida mas’ul lavozimlarda samarali faoliyat yuritmoqda.
Universitet talabalarining rivojlangan Yevropa davlatlariga ishlab chiqarish amaliyotiga yuborish an’anaga aylangan. O‘tgan 2023-2024 o‘quv yilida 200 ga yaqin talabalar Germaniya, Bolgariya, Xorvatiya va Gretsiyadagi ishlab chiqarish amaliyotlarida ishtirok etdi. Muloqot davomida Toshkent viloyati uchun yuqori malakali kadrlar, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi sohasida juda muhimligi ta’kidlandi.
[gallery-23124]
Hudud bo‘yicha agrar tarmoqlarda ko‘plab ish o‘rinlari mavjud bo‘lib, yangi korxonalar ochilyapti. Shu sababdan yangi loyihalar amalga oshirilishi tufayli malakali mutaxassislarga ehtiyoj ortmoqda. Shuni e’tiborga olib, viloyat hokimi yoshlarning barcha taklif va tashabbuslarini eshitishga tayyorligi bildirdi. Jarayonda talabalarning ko‘plab savollariga ochiq javoblar berildi.
Uchrashuvda Toshkent viloyatida qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, yoshlar bandligini ta’minlash, ilmiy tadqiqotlarni ishlab chiqarish bilan uyg‘unlashtirish masalalari yuzasidan ham fikr almashildi. Shundan so‘ng O‘quv ilmiy tajriba xo‘jaligida yangi innovatsion issiqxona ishga tushirildi. Toshkent davlat agrar universiteti va Janubiy Koreyaning Chungnam Milliy universiteti hamkorligida tashkil etilgan bu loyiha taqdimotida ishtirokchilarga atroflicha ma’lumot berildi.
“Aqlli Issiqxona” loyihasi ilmiy texnologiyalarni joriy etish, resurs tejamkorlikni ta’minlash, ta’lim va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga maqsad qilgan. Viloyat hokimi bu issiqxonaning afzalliklari, sabzavot mahsulotlari yetishtirish texnologiyasi va talabalarning bu jarayondagi ishtiroki haqida mutaxassislar bilan suhbat qildi.
A.Musayev,O‘zA