“Afsona”da “A’lo ta’lim” loyihasi o‘tkazildi
Bo‘stonliq tumanidagi “Afsona” yozgi bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida Toshkent viloyatining tuman-shaharlaridagi ijtimoiy himoyaga muhtoj 200 nafar farzandlar uchun “A’lo ta’til” loyihasi doirasida tadbir tashkil etildi.
O‘zbekiston bolalar tashkiloti Toshkent viloyati bo‘limi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Toshkent viloyati Kengashi bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur loyiha doirasida yoshlar uchun boshqa tengdoshlari bilan tajriba almashish, kasb-hunarga yo‘naltirish, qiziqishlarini rivojlantirish maqsadida turli madaniy dasturlar, futbol festivali hamda oromgohning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.



– Yoz mavsumi davomida 400 nafar o‘quvchining hordiq chiqarishi uchun mo‘ljallangan mazkur oromgohda bolalarni kitobxonlik, sport, san’at bilan shug‘ullanishi va turli to‘garaklarda qatnashishiga alohida e’tibor qaratilgan, – deydi O‘zbekiston bolalar tashkiloti Toshkent viloyati bo‘limi boshlig‘i Husnora Hasanova. – Biz ham ularga motivatsiya berish hamda atrofimizga ko‘ngilli lider yoshlarni to‘plashni maqsad qilganmiz. Ushbu tadbir ko‘tarinki ruhda, xotiralarga boy tarzda o‘tkazildi. Bu aynan gulxan atrofidagi gurunglar va konsert dasturida yaqqol namoyon bo‘ldi. Shuningdek, madaniy dasturlarda faol ishtirok etgan yoshlarga turli sovg‘alar va kitoblar to‘plami taqdim etildi.


Ushbu bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi Toshkent viloyatining tog‘ oldi, xushhavo, so‘lim va xushmanzara qismida joylashgan bo‘lib, bolalar uchun ajoyib dam olish va sog‘lomlashtirish imkoniyatini beradi.
A.Musayev,O‘zA.