Afg‘oniston delegatsiyasi Surxondaryoda
Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimovning taklifiga binoan Afg‘onistonning Balx viloyati gubernatori Muhammad Yusuf Vafo boshchiligidagi rasmiy delegatsiya Surxondaryo viloyatida bo‘ldi.
Mehmonlarni “Ayritom” chegara-bojxona postida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston masalalari bo‘yicha maxsus vakili Ismatilla Ergashev, viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov va boshqa rasmiylar kutib oldi.



Delegatsiya a’zolari o‘z safarlarini Termiz tumanidagi Hakim at-Termiziy va Sherobod tumanidagi Imom Termiziy majmualarini ziyorat qilish bilan boshladi. Mehmonlar majmualarda ziyoratchilar uchun yaratilgan sharoitlar va ulug‘ allomalarimizning boy ilmiy merosi jamlangan kutubxona bilan yaqindan tanishdi.
Buyuk ajdodlarimiz mangu qo‘nim topgan serfayz maskanlarda Qur’oni karim oyatlari tilovat qilindi.



Mehmonlar uchun tashkil etilgan rasmiy qabul chog‘ida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, “Termiz” xalqaro savdo markazi imkoniyatlaridan samarali foydalanish orqali O‘zbekiston-Afg‘oniston tadbirkorlari uchun qulay sharoitlar yaratish masalalari muhokama etildi.



Samimiy ruhda o‘tgan muloqot yon qo‘shni ikki viloyatning do‘stlik va hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri