Afg‘oniston BMT vakilining mamlakatga kirishini taqiqladi
Afg‘oniston hukumati BMT Afg‘onistondagi inson huquqlari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Richard Bennetning mamlakatga kirishini taqiqladi. Bu haqda Tolibon rasmiysi Zabihulloh Mujohid Germaniyaning “Deutsche Welle” (DW) telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, aksariyat xalqaro institutlar, asosan BMTning mamlakatga nisbatan qarashi “g‘arazli” va “yovsimon”.
Mujohid BMTning Afg‘onistonga yordam ko‘rsatish missiyasi vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv haqida xabar berib, jumladan shunday degan:
– Uning ofisi Kobulda joylashgan. Zarur ogohlantirish berildi. Afg‘on hukumati BMT inson huquqi bo‘yicha e’lon qilgan hisobotlarni rad etdi. Janob Bennetning Afg‘onistonga sayohati taqiqlangan, chunki u bu yerda tashviqot olib borishga tayinlangan. Vakil biz ishonadigan odam, deb hisoblamaymiz. Afg‘oniston manfaati emas, balki targ‘ibot ishlari bilan band bo‘lgani uchun uning kelishiga ham ruxsat berishmayapti. U mayda-chuyda masalalarni bo‘rttirib, boshqa muassasalarga yolg‘on ma’lumot berdi. BMT institutlari Afg‘onistonda bo‘layotgan ijobiy voqealarni ko‘rmaydi, balki diqqatini “o‘z fikricha, zaif masalalar”ga qaratadi. Ular Afg‘onistonga qarshi tashviqot olib borish uchun barcha ishni qilmoqda.
Bennet 2022 yil aprelda BMT tomonidan Afg‘onistonda maxsus ma’ruzachi etib tayinlangan. U hozirgi hukumatni mamlakatda inson huquqi bilan bog‘liq ahvol uchun tanqid qilgan.
O‘z navbatida, qo‘shni davlat ma’muriyati xalqaro hamjamiyatning, xususan inson huquqi sohasidagi hisobotlari “Afg‘onistondagi voqelikka zid” ekanini da’vo qilmoqda.