Afg‘on shahzodasining rubobi Samarqandga qanday kelib qolgan?
Hamkasbimiz D.Mavlonovaning “O‘zbekistonga afg‘on rubobini buxoroliklar olib kelganmi?” sarlavhali xabarini o‘qib turib Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi fondida saqlanayotgan Afg‘oniston shahzodasi Sardor Ishoqxonning rubobi haqida ilingim keldi. Ushbu afg‘on rubobi muzey fondida 1929 yildan buyon saqlanib kelinadi.
Gap shundaki, rubob 1929 yilda Xalq xo‘jaligi oliy kengashi tashabbusi bilan Moskvada o‘tkazilgan yengil sanoat mahsulotlari ko‘rgazmasida namoyish etilgan. Ko‘rgazma yakunlanganidan so‘ng namoyish etilgan ashyolar mansubligiga qarab o‘sha vaqtdagi ittifoqdosh respublikalarga taqsimlanadi. Afg‘oniston shahzodasi Sardor Ishoqxonning rubobi Samarqand muzeyiga taqdim etiladi. Mazkur rubobning umumiy uzunligi 81 santimetr, balandligi 18 santimetr va ovoz kosasi kengligi 16 santimetrni tashkil etadi. Ovoz kosasi yoki rezonatori keng va chuqur. Ushbu rubobda ham O‘zbekistonda keng tarqalgan qashqar rubobidagi kabi gajaklar bor. Rezonatorining pastki qismi teri, yuqori qismi yupqa taxtacha bilan qoplangan.
Shahzoda Sardor Ishoqxon haqida nimalar ma’lum? Shahzodani Samarqand bilan bog‘lab turuvchi faqat mana shu rubobmi? Ushbu savollar ortidan o‘tkazgan izlanishlarimiz davomida qiziqarli ma’lumotlarga duch keldik.
Naqshbandiylik tariqati bilan bog‘liq me’moriy va epigrafik ma’lumotlarni tadqiq qilgan olim Mehrojiddin Amonovning yozishicha, 1880-1901 yillarda Afg‘onistonda hukmronlik qilgan Amir Abdurahmonxon ibn Muhammad Afzalxon 1863 yilda bobosi Do‘st Muhammad vafot etgach Samarqandga keladi. U bilan birga amakivachchasi Sardor Ishoqxon ham kelgan. Ular Amir Abdurahmonxonning hukmronligi boshlangunga qadar, ya’ni 1880 yilgacha Samarqandda yashaganlar. Amir Abdurahmonxon Afg‘onistonda o‘z hukmronligini o‘rnatgach, o‘zining amakisi Muhammad A’zamxonning o‘g‘li bo‘lmish Sardor Muhammad Ishoqxonga tazyiq o‘tkazadi. Qattiq tazyiq natijasi sabab bo‘lsa kerak, Muhammad Ishoqxon Hirot-Balx shaharlari orqali Samarqandga qaytib kelishga majbur bo‘ladi. Bu yerda unga izzat-ikrom ko‘rsatilib, hozirgi Xoja Abdu Darun, Xoja Ahrori Vali va Xoja Avliyo ziyoratgohlari atroflaridan joy berilgan.
Samarqand davlat muyey-qo‘riqxonasi qo‘lyozmalar fondida saqlanayotgan Mavlono Nuriddin Mahjuriy Samarqandiyning Samarqand olimlari tazkirasi nomli risolasida qayd etilishicha, Samarqand shahridagi xalq orasida «xalifa Ibrohim» nomi bilan tanilgan Xo‘ja Abdu Darun mozori yaqinida joylashgan Xo‘ja Mavlono Mirmuhammad Ibrohim xoja Samarqandiy maqbarasi ham afg‘on shahzodasi Sardor Ishoqxon tomonidan 1882 yilda bunyod etilgan. Shahzoda Sardor Ishoqxon 1908 yilda Samarqandda vafot etadi.
Rubobga qaytadigan bo‘lsak, ushbu rubob Moskvadagi ko‘rgazmaga qanday yoki kim tomonidan olib borilgan? Shahzoda vafot etgach unga tegishli buyumlar kimga meros bo‘lib qolgan? Ular hozirgacha saqlanib qolganmi yoki qaramlikning suronli yillarida xorijga olib chiqib ketilganmi? Tabiiyki ushbu savollarga javob topish uchun alohida tadqiqot olib borish talab etiladi.
Mahmudxon YUNUSOV,
Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi bosh muhofizi