Advokatura tizimi zamonga moslashadimi?
bugungi kunda har qanday sohaning zamonaviylik belgisining muhim shartlaridan biri – axborot kommunikatsiya texnologiyalarining joriy etilishi bilan bog‘liq.
Hech kimga sir emaski, elektron axborot tizimlari mavjud bo‘lgan sohalar nafaqat samarali faoliyat olib bormoqda, balki bu aholi uchun ham katta qulayliklar yaratayotir. Bunga davlat xizmatlari markazlari, notariat sohasini misol qilib keltirish mumkin.
Xo‘sh, advokatura-chi?
Davlatimiz rahbarining saylovoldi dasturida 2027 yilgacha mamlakatda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, sud-huquq tizimidagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish, davlat boshqaruvini takomillashtirishni nazarda tutuvchi besh yillik Yangi O‘zbekiston strategiyasi loyihasi e’lon qilindi.
Loyihada advokatlik faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilish orqali ortiqcha byurokratiya va qog‘ozbozlikka chek qo‘yish, sudlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa davlat organlari bilan elektron hujjatlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish belgilanmoqda.
To‘g‘ri, keyingi besh yil davomida jamiyatda advokatura sohasiga zamonaviy axborot-texnologiya va kommunikatsiya vositalarini joriy etish maqsadida qonunchilikka muhim normalar kiritildi.
Jumladan, advokatlik maqomini olish uchun malaka imtihoni jarayonlari yanada shaffoflashdi, internet tarmog‘ida real vaqt rejimida translyatsiya qilinadigan bo‘ldi. Advokat so‘rovi advokatlik siriga rioya etilgan holda axborot tizimi orqali elektron shaklda ham berilishi mumkinligi, shuningdek, jinoyat protsessida himoyachidan voz kechish jarayoni videoyozuv orqali qayd etilishi shartligi belgilandi.
Bundan tashqari, Prezidentimizning 2021 yil 23 martdagi «Aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga davlat xizmatlaridan foydalanishda yanada qulay sharoitlar yaratish, bu borada byurokratik to‘siqlarni qisqartirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonining 7-bandida 2021 yil 1 iyundan advokatlik tuzilmalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish davlat xizmatlari markazlari tomonidan amalga oshirilishi belgilandi.
Biroq, shunga qaramasdan amalda professional yuridik yordam sifatini va advokat kasbining nufuzini oshirish, shuningdek, sud ishini yuritishda tenglik va tortishuv prinsiplarini to‘liq ro‘yobga chiqarishga to‘sqinlik qiluvchi bir qator muammo va kamchiliklarning mavjudligini hayotning o‘zi ko‘rsatib turibdi.
Kelgusida advokatura institutini yanada rivojlantirish, sohaga zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalarining samarali mexanizmini joriy etish bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish zarur.
Xususan, litsenziya olish uchun elektron platforma orqali murojaat qilish tizimini yo‘lga qo‘yish, elektron litsenziya va guvohnomalar joriy etish, davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatadigan advokatlarni elektron tanlash tizimini ishga tushirish, respublikada faoliyat yurituvchi advokatlar haqida elektron reyestr orqali onlayn ma’lumot olish imkonini yaratish, qog‘oz shakldagi orderlarni bekor qilish, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlarda ko‘riladigan ishlar haqida advokatlarni elektron xabardor qilish tizimi joriy etish maqsadga muvofiq.
Shu bilan birga, amaldagi normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish orqali fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy sud ishlarini yuritishda advokatning huquqiy maqomini yanada oshirish kerak.
Jinoyat protsessida advokat huquqlarining kafolati va protsessual maqomini yanada mustahkamlash, jinoyat protsessining barcha bosqichlarida ayblov va himoya taraflarining teng huquqliligi va tortishuv prinsipini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratish zarur. Sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar, shuningdek, boshqa davlat organlari bilan elektron hujjatlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish ham muhim vazifalar sirasidan hisoblanadi.
Fazliddin Zaripov,
Adliya vazirligi bo‘lim boshlig‘i
O‘zA