Advokatlar guruhi tinglovchilari uchun amaliy mashg‘ulot tashkil etildi
X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazida Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti advokatlik faoliyatiga qayta tayyorlash kurslari tinglovchilari uchun amaliy mashg‘ulot tashkil etildi.
Ma’lumki, yurtimizda advokatura institutini takomillashtirish, uning huquqiy poydevorini mustahkamlash bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Mazkur sohadagi jadal islohotlar natijasida yurtimizda advokatura fuqarolar va tashkilotlarga malakali yuridik yordam ko‘rsata oladigan, ijtimoiy ahamiyatli — maxsus huquq layoqatiga ega institut sifatida o‘z o‘rniga ega bo‘lmoqda.
Mashg‘ulot davomida tinglovchilar sud ekspertizasi tizimi faoliyati, ekspertiza turlari, ekspert xulosalarini tayyorlash jarayonlari hamda jinoyat va fuqarolik ishlari bo‘yicha ekspertizaning amaliy jihatlari bilan yaqindan tanishdi.

Shuningdek, markaz mutaxassislari tomonidan sud ekspertizasining advokatlik faoliyatidagi o‘rni, dalillarni baholashda ekspert xulosalarining ahamiyati hamda amaliyotda uchraydigan dolzarb masalalar yuzasidan batafsil ma’lumotlar berildi.
Qayd etilganidek, bu kabi amaliy mashg‘ulotlar tinglovchilarning nazariy bilimlarini mustahkamlash, kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda kelgusidagi faoliyatida zarur bo‘ladigan amaliy tajribani shakllantirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, "Advokatlar" guruhi tinglovchilari uchun amaliy mashg‘ulot o‘tkazildi.
Unda tinglovchilarga "E-Advokat" elektron platformasining imkoniyatlari, undan samarali foydalanish tartibi hamda advokatlik faoliyatini raqamlashtirish jarayonlari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Amaliy mashg‘ulot davomida platforma faoliyatida uchrayotgan dolzarb masalalar, amaliyotda yuzaga kelayotgan muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha qo‘llanilayotgan yechimlar muhokama qilindi. Tinglovchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassis tomonidan atroflicha javob oldi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA