Advokat boʻlish nima degani?
Toshkent davlat yuridik universitetida boʻlib oʻtgan xalqaro davra suhbati ishtirokchilari ana shu savolga javob izlashdi.
Toshkent davlat yuridik universitetida boʻlib oʻtgan xalqaro davra suhbati ishtirokchilari ana shu savolga javob izlashdi.
Tadbirda Oʻzbekiston, Sloveniya va Ukrainadan tashrif burgan turli yoshdagi yuristlar va advokatlar ishtirok etdi. Ular poytaxtimizning turli oʻquv muassasalaridan kelgan talabalarga oʻz hayotlarini ushbu kasb bilan bogʻlashiga sabab boʻlgan turli omillar haqida soʻzlab berdi.
Adliya vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi, Toshkent davlat yuridik universiteti hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universiteti hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri oʻrinbosari, Toshkent davlat yuridik universiteti rektori R.Hakimov mamlakatimizda advokatura instituti mavqeini yanada mustahkamlash maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar haqida gapirdi.
U soʻnggi yillarda Toshkent davlat yuridik universiteti tobora rivojlanib, oʻzgarib borayotganligini qayd etdi. Advokatura institutini rivojlantirish va ushbu sohada mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish mazkur taʼlim muassasasida ustuvor yoʻnalishlaridan biri boʻlib qolmoqda.
Mamlakatimizda advokatura institutining mavqei va rolini oshirishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar oʻtkazilmoqda. Xususan, yangi tahrirdagi Jinoyat-protsessual kodeksini tayyorlash hamda Oʻzbekiston Respublikasining 1998-yil 25-dekabrdagi “Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy himoyasi toʻgʻrisida”gi qonunini takomillashtirish boʻyicha katta ishlar amalga oshirilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi raisi A.Ernazarovning soʻzlariga koʻra, ikki kunlik anjuman Oʻzbekistonda advokatlik kasbini ommalashtirish maqsadida oʻtkazilmoqda. Chunki mamlakatimizda soʻnggi 10-15 yil ichida litsenziya olgan advokatlar soni oʻzgarmasdan qolmoqda. Masalan, bugungi kunda Oʻzbekistonda 4000 nafar litsenziya olgan advokat faoliyat yuritmoqda. Agarda bu sonni mamlakatimiz fuqarolari soniga boʻladigan boʻlsak, yurtimizdagi har bir advokatga 8 220 nafar fuqaro toʻgʻri keladi. Oʻzbekiston Advokatlar palatasi advokatlar sonining fuqarolar soniga toʻgʻri kelishi boʻyicha 41 ta mamlakat roʻyxatini tuzib chiqdi. Unda Oʻzbekiston oxirgi oʻrinni egallaydi. Bundan tashqari, yurtimizda 30 yoshdan kichik boʻlgan advokatlar soni atigi 70 nafarni tashkil etadi. Bu mamlakatimiz aholisi professional huquqiy yordamdan deyarli foydalana olmayapti, deganidir. Ayrim qonunchilik hujjatlari ham bunga sabab boʻladi. Masalan, oliy oʻquv yurtini kechagina bitirgan talaba advokatlik litsenziyasini olishi mumkin emas. Chunki qonunchilikka binoan u yuridik sohada ikki yillik ish stajiga ega boʻlishi lozim.
Davra suhbati yakunida ishtirokchilar advokatlik kasbi va yuridik xizmatlar bozoridagi oʻziga xosliklar xususida oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.