Adolatni Qodiriydan o‘rganib...
Odil sudlov faoliyatida murakkab vaziyatlarda adolatni ta’minlashda ulug‘ yozuvchi Abdulla Qodiriy jasoratini o‘ylab, eng sevimli asarlarim – Qodiriy romanlarini varaqlayman, shunda go‘yo bir asr muqaddam yuz bergan voqelik orasidan sizilib chiqayotgan adolat ohanglari ko‘nglimga taskin beradi.
Abdulla Qodiriy romanini o‘qimagan o‘zbek bolasi bo‘lmasa kerak. Millatning ikki o‘lmas durdonasi – “O‘tgan kunlar” va “Mehrobdan chayon” romanlari ostonasi Vatan tuprog‘iga yo‘g‘rilgan, xalq dardiga darmon bo‘lishga ahd qilgan har bir xonadonning mehrobida – uyning to‘rida ko‘rk berib turgani tayin.
Qariyb bir asr muqaddam el mehrini qozongan ushbu romanlar bugungi kunda ham o‘z qadrini yo‘qotmagan. Ijodning oliy darajasiga mansub “O‘tgan kunlar” va “Mehrobdan chayon”ga qadrsizlanish yot. Illo, yillar sayin bu romanlarning qadri yanada oshmoqda.

O‘zbek romanchiligi asosi bo‘lmish mazkur ikki asar ko‘p va xo‘p tahlil qilingan. Ularda aks etgan voqelikning har bir qirrasidan ajib hikmatlar topilgan. Har bir tahlil Qodiriy ijodiga hurmatni yanada oshiradi.
Ta’bir joiz bo‘lsa, aytish mumkinki, Qodiriy romanini o‘qigan kitobxon o‘z qalbiga mos ajib tarovatni his qiladi, o‘z kasbiga xos mazmun-mohiyatni anglaydi.
Adabiyotchilar romanning badiiyligiga lol bo‘lsa, siyosatchilar kambag‘al va boy o‘rtasidagi munosabatda yangi xislatni ko‘radilar. Tarixchilar Qodiriy asarlarida xalqimizning yaqin o‘tmishdagi turmush tarzini ko‘rsalar, san’at ahli sharqona sof muhabbat ramzini his qiladilar, faylasuflar esa bunda hech kim bilmagan mantiqni topadilar.
Men ham, ayniqsa, sudyalik faoliyatimni boshlaganimdan buyon “O‘tgan kunlar” va “Mehrobdan chayon”ning milliy sud-huquq sohasiga xos, bugungi kun uchun ham dolzarb jihatlarini, o‘z kasbim – sudya nuqtai nazaridan Qodiriy romanini anglashning odil sudlovdagi ahamiyatini o‘zim uchun yangidan kashf qildim.
Darhaqiqat, “O‘tgan kunlar” ham, “Mehrobdan chayon” ham 19 asr oxiri – 20 asr boshlanishiga oid tarixni o‘zida mujassamlashtirgan. Har ikkalasida ham voqealar adolatli va badiiy jihatdan yetuk tarzda yechim topgan.
Har ikkala romandagi so‘zlar tizimi she’riy asarni yodga soladi. “Tesha tegmagan” iboralar Qodiriy qalamining nechog‘li o‘tkir ekanidan darak beradi.
“O‘tgan kunlar”da Otabekning ismidagi “K” harfidan Kumushning ismi boshlansa, “Mehrobdan chayon”da Ra’noning ismi Anvardagi “R” harfiga monand. Bu o‘zbek tilidagi so‘z o‘yinlariga xosdir.
Har ikkala asar qahramonlari ham kambag‘al emas, o‘ziga to‘q oila farzandlari bo‘lib, davr ruhiyatini yaxshi biladi, yangi zamonga intiladi.
Aytish mumkinki, muallifning ushbu tanlovi bugungi kundagi xalqchil harakat – kambag‘allikni qisqartirishga oid davlat siyosatining asl mohiyatini ochishga xizmat qiladi.
Binobarin, yozuvchining o‘zi: “Mehrobdan chayon” romani mavzusi haqida to‘xtalib, “Romanda ko‘b jihatlar bor, ularni sanab o‘lturish hojat emas, ular muhtaram o‘quvchining nazaridan qochib qutulmas”, – deydi.
Qodiriyning mahorati shundaki, har ikkala romanda ham voqealarni shunchaki chizmagan, asar qahramonini syujet taqozosi sifatida o‘ylab topmagan.
Nazarimda, har ikkala romandagi har bir so‘z, har bir mushohada yozuvchining nafaqat qalb tug‘yoni, balki hayotni anglashdagi asl xulosasi, muallif umrining mazmunidir.
Xo‘sh, Qodiriyning hayoti, u yozgan romanining odil sudlovga aloqasini qay yo‘sinda anglash mumkin? Sudya uchun Qodiriy ilgari surgan qaysi g‘oyalar tayanch bo‘ladi? Odil sudlov faoliyatida Qodiriy romanidagi qaysi jihatlarni yoddan chiqarmaslik kerak?
Bir qaraganda, bu savollarda mantiqiy bog‘liqlik yo‘qqa o‘xshaydi. Go‘yoki balandparvoz gaplar bir qatorga tizilgandek tuyuladi.
Aslida, Qodiriyning qalbi buyuk bo‘lganiga bir asrlik tarix dalildir. Nafaqat Qodiriy romanida ilgari surilgan bosh g‘oya, balki yozuvchining o‘z umr yo‘li ham adolat va faqat adolat uchun kurashishdan iborat. Buyuk qalbda tug‘yon ham buyuk bo‘lgay. Adolatning zalolatdan ustunligini ko‘rish Qodiriyning asl muddaosidir.
O‘tgan bir asrlik davr haqqi baralla aytish mumkinki, Qodiriyning o‘zi ham, u yaratgan romanlarning bosh qahramonlari ham o‘z umrini aynan adolat tantanasi uchun tikkan. Bu isbot talab qilmaydigan haqiqat, shu bilan birgalikda, yetish qiyin bo‘lgan orzu, erishish murakkab bo‘lgan maqsaddir.
Mamlakat rivojiga to‘sqinlik qilayotgan jihatlardan biri korrupsiya ekani bugungi kunda sir emas. Aslida korrupsiya balosi birgina bizning yurtimiz emas, boshqa mamlakatlarning ham iztirobidir. Korrupsiya barcha illatlar ichida eng zararlisidir. Odil sudlovni korrupsiyaning ildiziga urilgan boltaga qiyoslash mumkin. Aynan odil sudlov korrupsiya yuz berishining oldini olishga ham, yuz bergan korrupsiyani tugatishga ham qodir kuchdir. Sud-huquq sohasidagi izchil islohotlar bu borada ishonchli zamin yaratmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, korrupsiya yuzaga kelishining oldini olishdagi eng muhim usul korrupsiyaga moyillikni bartaraf etish, korrupsiyaga daxldor bo‘lishi mumkin bo‘lgan ongni ma’naviy boyitishga erishishdir.
Ma’naviyati boy, qalbi pok bo‘lgan mansabdor shaxs korrupsiyaga bo‘ysunmaydi. Korrupsiyaga duch kelmaslikning belgisi sifatida o‘zlikni saqlay bilish, maqtovga aldanmaslik, mansabparastlik tuyg‘usiga “qul” bo‘lmaslik kabi jihatlarni ko‘rsatish mumkin. Bunda, eng muhimi, har qanday holda ham qonundan chalg‘imaslikdir.
Badiiy kitobni kam o‘qigan kishi hayotning quvonchini ham kam biladi, badiiylik tufayli olish mumkin bo‘lgan shodliklarni o‘zida his qilishga qiynaladi. Yetuk asar aslida bir necha yil yashash orqali sinab ko‘rish mumkin hayotiy tajribani tahlil qilib, zarur ko‘nikmani shakllantirib beradi.
Shaxsni ma’naviy jihatdan tarbiyalashda badiiy yetuk asar alohida ahamiyat kasb etishi inobatga olinsa, Qodiriy romanlarining ahamiyati yanada seziladi.
“O‘tgan kunlar”ni ham, “Mehrobdan chayon”ni ham o‘qigan kishi ushbu romanlar qahramonlari bo‘lmish Anvar, Ra’no, Otabek va Kumushning tarbiyali, rostgo‘y, haq yo‘ldan qaytmaydigan, “o‘ziga to‘q oila”dan ekaniga e’tibor qaratishi, shubhasiz.
Masalan, Anvarning o‘z kasbida haqqoniylikni ta’minlash uchun har qanday hiyla-nayranglarga bo‘ysunmasligi, bu yo‘lda qo‘rqmasdan kurashishi bugungi kun sudyasi uchun o‘rnak olishga arzigulik jasoratdir.
Otabek bilan Kumushning taqdiri oilani mustahkamlashga oid nizoni hal etishda nechog‘lik ahamiyatli ekanini his qilish sudya uchun muqaddas burchdir.
“O‘tgan kunlar” romanida Yusufbek hojining tilidan aytilgan ”Bu dargohdan hech kim norizo ketmasligi kerak” iborasiga ham katta mazmun singdirilgan.
Qalbi haqiqatga oshno bo‘lgani tufayli o‘limni ham mardona kutib olgan Qodiriyning jasorati esa noqonuniylikka bo‘ysunmaslikda o‘zi yaratgan asar qahramonlari yutuqlaridan ham balandroq va bu xislat har qanday sudya uchun mangu mayoqdir.
Sir emas, Abdulla Qodiriy adolatni istagani uchun, adolatli g‘oyalarni ilgari surgan romanlar yozgani uchun qatl etildi. Biroq, Qodiriy istagan adolatni yo‘qotib bo‘lmadi. Qodiriy romanini o‘qish bir muddat taqiqlandi. Biroq, bu taqiq ham haqiqat silsilasida barham topdi.
El og‘zida “Adolat egiladi, biroq sinmaydi” degan ibora yuradi. Qodiriyning adolati, u yaratgan mangu siymolarga sindirilgan haqiqat esa nafaqat sinmagan, hattoki, egilmagan ham. So‘nggi yuz yillik guvohligida isbotlangan bu dalil sudyaning qalbidan joy olmog‘i lozim.
Yangi O‘zbekiston g‘oyalari sharofati bilan Abdulla Qodiriyga alohida ehtirom ko‘rsatildi. Yozuvchining haqiqatlari to‘liq tiklandi. Ulug‘ bobomiz bir vaqtlar majburiy tarzda olib ketilgan va qaytish nasib etmagan hovlida bugun muhtasham muzey tashkil etilgan. Yurtning tuprog‘ida, osuda osmonida Qodiriy orzu qilgan adolat urug‘lari avj olmoqda...
Nazarimda, bir asr muqaddam yuz bergan voqelik orasidan sizilib chiqayotgan Adolat ohanglari Abdulla Qodiriyning hayoti, uning romaniga jo bo‘lgan xislatlar odil sudlovni ta’minlashga chorlagandek tuyuladi, har safar sud majlisiga kirishdan oldin qulog‘im ostida go‘yoki Qodiriyning “Adolat bormi, Sizda....”, degan xitobi jaranglab turadi.
Ra’no Xusainova,
FIB O‘rtachirchiq tumanlaro sudining sudyasi, yu.f.n.