Adolatli qalbni tarbiyalaydigan ma’naviy meros
Mamlakatimizda 9 fevral buyuk mutafakkir va davlat arbobi Alisher Navoiy, 14 fevral shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud topgan kun sifatida keng nishonlanadi.
Ushbu sanalar munosabati bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudida tashkil etilgan ma’rifat soatida sudyalar, sud apparati xodimlari, olimlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi raisi M.Yeshimbetov buyuk bobokalonlarimizning betakror ijodi, ular yaratgan asarlar oradan asrlar o‘tsa-da, bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan bebaho ma’naviy meros ekanini alohida ta’kidladi. Shuningdek, ularning adolat, halollik, insonparvarlik va qonun ustuvorligiga oid g‘oyalari zamonaviy sud tizimi faoliyati uchun ham nodir ma’naviy dasturulamal bo‘lib xizmat qilayotgani qayd etildi.

Ma’rifat soatida Qoraqalpoq davlat universiteti dotsenti, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Latofat Tojiboyeva Navoiy va Bobur merosining adolat, halollik va insonparvarlik g‘oyalari bilan qanchalik boy ekanini mazmunli misollar orqali yoritib berdi.
Alisher Navoiy “Adl ila olam obod” degan g‘oyani ilgari surib, adolatni jamiyat taraqqiyotining eng asosiy sharti sifatida ko‘rgan. Uning asarlarida rahbar shaxs halol, vijdonli va xalq dardiga befarq bo‘lmasligi lozimligi ta’kidlanadi.
Zahiriddin Muhammad Bobur esa o‘zining “Boburnoma” asarida odil boshqaruv, rostgo‘ylik va insof haqida teran fikrlar bildirgan. U zulmni qoralab, davlat kuch-qudratining mustahkamligi ham adolatga bog‘liq ekanini ta’kidlaydi. Bobur qarashlarida inson sha’ni va qadrini asrash, har qanday hukmning asosiy mezoni sifatida namoyon bo‘ladi.

Tadbir davomida ishtirokchilar buyuk ajdodlarimiz merosidagi huquqiy va axloqiy qarashlar bugungi sud-huquq islohotlari bilan uyg‘un ekanini alohida qayd etdilar. Zero, zamonaviy sud tizimining asosiy maqsadi ham qonun ustuvorligini ta’minlash, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamiyatda adolat muhitini yanada mustahkamlashdan iboratdir.
Bunday ma’rifiy tadbirlar nafaqat tarixiy merosimizni chuqur anglash, balki har bir xodimning kasbiy mas’uliyati va ma’naviy daxldorligini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Zotan, adolat bu faqat sud qarorlarida emas, avvalo, inson qalbida shakllanadi. Navoiy va Bobur merosi esa ana shu adolatli qalbni tarbiyalaydigan beqiyos ma’naviy maktabdir.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.