“Adolat” sotsial-demokratik partiyasining plenumi
Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi siyosiy kengashining navbatdagi plenumi boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi siyosiy kengashining navbatdagi plenumi boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston “Adolat” SDP saylovoldi dasturida belgilangan vazifalarni amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ning 2020-yilning birinchi yarmidagi ijrosi va 2020-yilning ikkinchi yarmidagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Onlayn tarzda boʻlib oʻtgan plenum kun tartibidagi asosiy masala yuzasidan Oʻzbekiston “Adolat” SDP siyosiy kengashi raisi va partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi rahbari Narimon Umarovning axboroti tinglandi.
Eng asosiysi, karantin davrida partiya faollari va deputatlar tomonidan ham kam taʼminlangan aholi qatlamlariga amaliy koʻmak berishga eʼtibor kuchaytirildi. Partiyadan saylangan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari hamda mahalliy Kengash deputatlari hududlardagi tibbiyot muassasalari, bozorlar, dorixonalarda boʻlib, joylarda pandemiya talablarining bajarilish holatlarini oʻrgandi.
Partiyaning “Bir oyda bir ish oʻrni” loyihasi doirasida 797 nafar fuqaro ish bilan taʼminlandi. Shundan 332 nafarini yoshlar, 447 nafarini ayollar tashkil etadi. 27 nafar yoshning kredit olishiga koʻmaklashildi. “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati doirasida kam taʼminlangan va boquvchisini yoʻqotgan oilalarning 15 ming nafariga partiya deputatlari va koʻngilli homiylar tomonidan zarur oziq-ovqat va tibbiyot mahsulotlari yetkazib berildi. Koʻrsatilgan homiylik miqdori jami 1 milliard 500 million soʻmdan ortiqni tashkil qildi.
–Partiyamiz saylovoldi dasturida belgilangan vazifalarning asosiy qismi xalq farovonligini yuksaltirish, ularning salomatligi bilan bogʻliq muammolarni hal etish, taʼlim tizimida bir qator islohotlarni amalga oshirish, sud-huquq tizimiga oʻzgartishlar kiritish, fuqarolarning ish faoliyatidagi kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan edi, – deydi partiya mafkura boʻlimi boshligʻi Fazliddin Ziyoyev. – Pandemiya sharoiti faoliyatimizga biroz toʻsqinlik qilganiga qaramasdan oldimizga qoʻyilgan vazifalarni bajarishga harakat qildik. Partiya tomonidan bir necha yillardan buyon tibbiyot sohasini zamonaviy texnologiyalar bilan taʼminlash, soha xodimlarining maoshlarini oshirish boʻyicha takliflar berib kelinardi. Bu taklifning asosli ekanligi pandemiya sharoitida isbotini topdi. Dori-darmon mahsulotlarining narxlaridagi tafovut uchun kurash olib bormoqdamiz. Elektron baza yaratish orqali narxlarning yurtimiz hududlarida bir xilligini taʼminlash boʻyicha takliflar berilgan. Hozir buning huquqiy asosi boʻyicha ish olib borilmoqda.
Plenum oʻz-oʻzini tanqid ruhida oʻtdi.