Adolat qilingki, u hayotning bosh mezoni bo‘lsin
O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi raisi Xolmo‘min Yodgorov bilan suhbat
— Xolmo‘min Buvraboyevich, sudyalarga qo‘yilayotgan talab, ushbu lavozimga tayinlash borasida joriy etilgan yangi tartib va qoidalar haqida suhbatlashsak. Gapni sudyaning ma’naviy-axloqiy qiyofasiga muxtasar chizgi berishdan boshlasangiz.
— Savolingizga javob o‘rnida Davlatimiz rahbarining quyidagi fikrini takrorlash kifoya: “Sudyaning ongida – adolat, tilida - haqiqat, dilida-poklik bo‘lishi kerak!”
— Shu talabni qanday sharhlagan bo‘lar edingiz?
— Davlat rahbarining gaplari hazrat Navoiyning qozilar (sudyalar) xususidagi fikrlariga juda hamohang. Hazrat “Mahbub-ul qulub” asarida: “...hukmi elning moli va joniga taalluqli ekan, qozining shiori to‘g‘rilik va adolat bo‘lmog‘i lozim” ekanini qayd etadi.
Darhaqiqat, “sudya” deganda o‘z-o‘zidan “adolat”, “haqiqat” tushunchalari tasavvurga keladi. Shunday bo‘lishi ham kerak. Buning uchun esa ushbu lavozim egalaridan poklik ham talab qilinadi. Ma’naviy kamolotsiz kishi tom ma’noda pok bo‘lmasligi inkor etib bo‘lmas haqiqat.
Keyingi yillarda sudya ma’naviyatiga alohida e’tibor qaratilayotgani sababi ham shunda. Sudyalar oliy kengashi tashabbusi bilan “Sudya ma’naviyati, odobi va mas’uliyati” kitobi chop etilgani bejiz emas.
— Demak, sudyalik lavozimiga tayinlashda nomzod ma’naviyatiga alohida e’tiborga olinmoqda. Shundaymi?
— Shubhasiz. Chunki, axloq va ma’naviyat bir-biriga bog‘liq tushuncha. Umuman, sudya qanday talablarga javob berishi lozim, degan masala kishilik taraqqiyotining barcha davrida keng jamoatchilik e’tiborida bo‘lib kelgan (bu haqda yuqorida qayd etganim - “Sudya ma’naviyati, odobi va mas’uliyati” kitobida alohida bob ajratilgan). Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining hozirgi bosqichida jamiyatda adolat va qonun ustuvorligini so‘zsiz ta’minlash asosiy masala qilib qo‘yilgan ekan, bu sudyalarga katta mas’uliyat yuklaydi. “Mas’uliyat” shunchaki aytiladigan so‘z emas. Sudyaning xolis va qonuniy qarorlar qabul qilishi zamirida fuqarolarning nafaqat sudga, balki davlatga bo‘lgan ishonchini ham yotadi.
— Mana, gap o‘z-o‘zidan sudyalik lavozimlariga tayinlovlar, bunda nomzodlarga qo‘yilayotgan yangi tartib, yangi qoidalarga taqalayapti.
— Asosiy javobga o‘tishdan avval davlatimiz rahbarining 2020 yil 7 dekabrdagi “Sudyalarning chinakam mustaqilligini ta’minlash hamda sud tizimida korrupsiyaning oldini olish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni tizimda katta o‘zgarishlarga olib kelganini qayd etishni istardim.
Mazkur hujjatga asosan sudyalik lavozimlariga munosib kadrlarni tanlash va tayinlashning yangi tartibi joriy etildi. Bunda xolislik va shaffoflikni ta’minlash ustuvor vazifa qilib belgilandi. Tayinlovlar ochiq tanlov va muqobillik, eng muhimi, axborot texnologiyalari tatbiq etgan holda amalga oshirilmoqda.
Natijada inson omili keskin cheklanib, tanlov jarayoni ochiq va shaffof o‘tishi ta’minlanmoqda. Tanlovni bevosita va bilvosita (onlayn tarzda) kuzatib borish imkoniyati yaratildi. Bu esa munosib nomzodlarni tanlashda muhim omil hisoblanadi.
— Demak, hammasi ochiq-oshkora...
— Albatta. Tayinlovga oid tanlovlar ochiq o‘tayotganiga bejizga urg‘u berayotganim yo‘q. Bu jarayonni sudyalik lavozimiga nomzodlarning yaqin qarindoshlari ham bevosita kuzatish imkoniga ega. Bundan tashqari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ham tayinlovga oid Kengash yig‘ilishlarida muntazam ishtirok etmoqda. Hatto to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirlar qilinmoqda.
...Yangi tartib va talablar haqidagi fikrimni davom ettiradigan bo‘lsam, sudyalik lavozimiga nomzodlar va sudyalarning psixologik portreti bo‘yicha kasbga munosibligini baholashga ko‘maklashuvchi elektron dastur ishga tushirildi. Mazkur psixologik test elektron dasturi yordamida nomzod va sudyalarning qat’iylik, bosiqlik, jizzakilik, stressga chidamlilik, korrupsiyaga moyillik hamda boshqa psixologik xususiyatlari aniqlanadi.
— Buning tayinlov qanday ta’siri bor?
— Psixologik test natijasi professional psixolog tomonidan o‘rganib chiqilib, tavsiyaviy xarakterga ega bo‘lgan xulosa tuziladi. Mazkur xulosa nomzodning sudyalik lavozimiga tayinlanishida alohida e’tiborga olinadi.
- Natija qanday?
— Yuqorida qayd etilgan yangi tartib va ochiq tanlov asosida o‘tgan yili 653 nafar nomzod muhokama qilinib, ularning 460 (barcha nomzodlarning 70,4 foizi) nafari sudyalik lavozimiga munosib deb topildi. 91 nafari esa sudyalik lavozimiga ilk bor tayinlanganlar hisoblanadi.
Ma’lumki, birinchi marta sudyalik lavozimiga tayinlanish uchun Kengash huzuridagi Sudyalar oliy maktabida bir yillik majburiy tahsil olish shart. Qayd etilgan 91 nafar yosh sudya Sudyalar oliy maktabi bitiruvchilaridir. Shu o‘rinda qo‘shimcha qilish kerakki, jami sudyalarning 615 nafari sudyalik lavozimida bo‘lishning besh yillik, 631 nafari o‘n yillik , 64 nafari muddatsiz davrida faoliyat yuritmoqda.
— 2021 yilda shuncha tayinlov amalga oshirildimi?
— Buni ajablanadigan joyi yo‘q. Avvalgi yili viloyat darajasidagi sudlar birlashtirilib, ma’muriy sudlarning qator vakolatlari jinoyat sudlariga o‘tkazilganidan xabaringiz bor. Sudlar optimallashtirilishi natijasida joylardagi sud raislari va rais o‘rinbosarlari lavozimiga yangi tayinlovlar amalga oshirildi.
Bundan tashqari, ilk bor sudyalik lavozimiga, shuningdek, qator sudyalar vakolat muddati davriga qayta tayinlandi. Bu izchil davom etadigan jarayon. Shu o‘rinda e’tibor qaratish lozim bo‘lgan yana bir holat bor: 2021 yil boshida respublika bo‘yicha 145 sudyalik lavozimi vakant edi (10, 5 foiz), yil oxiriga kelib, bu raqam 20 taga tushdi (1,6 foiz). Bilasiz, kadrlarga oid masala birmuncha nozikroq. Shunday ekan, nomzodlar orasidan munosibini tanlab, tayinlashning o‘zi bo‘lmaydi.
— Tizimda necha nafar ayol sudyalar faoliyat ko‘rsatmoqda?
— Ayni paytda 173 nafar ayol sudyalar faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning 28 nafari yuqori lavozimlarga tayinlangan. O‘tgan yili Kengash tashabbusi bilan tizim tarixida ilk bor “O‘zbekiston ayol sudyalari” jurnali o‘zbek va ingliz tillarida chop etildi.
Jurnal dunyo hamjamiyatiga ayol sudyalarimizni tanishtirish, shuningdek, ularga hurmat-ehtirom ramzi sifatida tayyorlandi. Ayni paytda mazkur jurnalning to‘ldirilgan ikki nashri ustida ishlar olib borilmoqda.
— Sudyalar faoliyatini elektron reyting orqali shaffof baholashga oid yangilik ancha-muncha munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Bu borada nima deysiz?
— Sudyalar faoliyatini elektron reyting orqali shaffof baholashga oid tartib, aytganingizdek, katta yangilik. Har qanday yangilik amaliyotga silliq tatbiq etilmasligi ham ayon. Shu ma’noda bu borada bo‘layotgan bahs-munozaralarni to‘g‘ri qabul qilamiz. Shu paytgacha sudyalarning faoliyati har ikki yarim yilda o‘rganilib, tegishli xulosa qilinardi. Va bu inson omili yordamida (ya’ni, malaka hay’atlari a’zolari tomonidan) amalga oshirilar edi. Elektron reytingda esa bu vazifa inson omilisiz amalga oshiriladi. Bu xolislik, ochiqlik emasmi?
Sudyalar faoliyatini elektron reyting orqali shaffof baholashning aniq mezonlar ishlab chiqilib, to‘liq ishga tushirildi. Elektron reyting, ta’bir joiz bo‘lsa, sudyalar uchun oyna. Bunda har bir sudya o‘z faoliyati natijalarini kuzatib boradi. Eng yuqori ko‘rsatgichlarga erishganlari yil yakuni bo‘yicha “Ibratli sudya” mukofoti bilan taqdirlanadi. Faoliyat ko‘rsatgichi pastroq sudyalarning malakasini oshirish borasida tegishli chora-tadbirlar ko‘riladi.
— Talab va taklif mutanosib kelsagina kutilgan natija bo‘lishi mumkin. Sudyalar va sudyalik lavozimlariga nomzodlarga nisbatan talablar kuchayganini ko‘rdik. Xo‘p, takliflar-chi?
— O‘tgan yili sudyalar va sud xodimlarining ijtimoiy muhofazasi keskin oshirilganidan jamoatchilik yaxshi xabardor. Bunaqasi tarixda bo‘lmagan. bugungi oson bo‘lmagan pandemiya sharoitida sudyalar hamjamiyatiga bo‘lgan bunday yuksak e’tibor haqli e’tirofga loyiqdir.
Yuqorida qayd etilgan farmonda sudyalarning chinakam mustaqilligini yanada samarali ta’minlash bo‘yicha real chora-tadbirlar belgilangan. Zero, jamiyatda adolat qaror topishi sudyalarning daxlsizligini samarali ta’minlanishi bilan chambarchas bog‘liq.
Shunga ko‘ra, Sudyalar oliy kengashining bu boradagi vakolatlari kengaytirildi. Natijada o‘tgan yili odil sudlovga aralashuvlar bo‘yicha Kengash tomonida tezkor ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida ikkita jinoyat ishi, to‘rtta ma’muriy huquqbuzarlikka oid ishlar qo‘zg‘atildi. Bundan tashqari, sudyani haqorat qilgan ikki nafar shaxs ham qonun oldida javob berishga majbur bo‘ldi.
— 2020 yilda sudyalik qasamyodi va odob-axloq qoidalarini hamda odil sudlovni amalga oshirishda qonun talablarini qo‘pol ravishda buzgan 12 nafar sudya tizimdan chetlatilganiga oid axborot berilgandi. 2021 yilda-chi?
— 2021 yilda avvalgi yilga qaraganda Siz tilga olgan asoslar sabab ishdan olingan sudyalar soni, taassufki, ko‘p: 19 nafar! Ta’kid etishim shart, vazifasidan ozod etilganlarning avvalgi yilga qaraganda nisbatan ko‘pligi sudyalarga qo‘yilayotgan talablar kuchaygani bilan izohlanadi. Shuningdek, odil sudlovni amalga oshirish jarayonida yo‘l qo‘ygan xato-kamchiliklari uchun 220 nafar sudyani intizomiy javobgarlikka tortishga keldi.
— Korrupsiya masalasini tilga oldingiz. Tizimda...
— Sizni tushundim. Tizim korrupsiya illati yo‘q, deyishga hozircha til bormaydi. Qolaversa, bir zarb bilan bu balodan xalos bo‘lish ham imkonsiz. Muhimi, sud tizimida korrupsiyaning oldini olish samaradorligini oshirishga doir ishlarni izchil davom ettirishda.
Nafaqat korrupsiya, balki har qanday illatga qarshi faqat va’z-nasihat bilan kurashib bo‘lmasligi ayon. Buning uchun samarali ta’sir vositalaridan unumli foydalanish lozim. Shundagina kutilgan natija bo‘lishi mumkin.
Bitta misol. O‘tgan yili bu borada amalga oshiriladigan chora-tadbirlar ijrosi doirasida Kengash tashabbusi bilan “Pushaymon” qisqa metrajli film tasvirga olindi (filmda korrupsiyaga qo‘l urgan sobiq sudyaning fojiaviy taqdiri hikoya qilinadi). Joylarda ma’rifiy tadbirlar jarayonida mazkur film namoyish etilarkan, bunga nafaqat sudyalarning o‘zi, balki ularning turmush o‘rtoqlari ham taklif etildi. Nega? Bu ham ta’sirchan vositalardan biri, negaki, inson kamolida ham, zavolida ham oilaning o‘rni katta. Shu bois bunday ma’rifiy tadbirlar doirasini kengaytirishni reja qilganmiz.
— Xolmo‘min Buvraboyevich, suhbatimiz ham nihoyasiga yetib bormoqda. Adolat haqida bir-biridan mazmunli hikmatlar ko‘p. Siz qaysi birini alohida tilga olgan bo‘lardingiz?
— Hikmatlarning har biri ta’sirli, birini boshqasidan ustun qo‘yib bo‘lmaydi. Ayni lahzada esa hazrat Navoiyning quyidagi bayti yodimga keldi: “Adl aylaki, ul xalq hayoti bo‘lmish, Xush ul kishikim, adl sifati bo‘lmish”. Ya’ni, adolat qilgingki, u hayotning bosh mezoni bo‘lsin, zotan, inson ayni shu (odil, xolis) sifati bilan go‘zal.
Norgul Abduraimova suhbatlashdi.
(O‘zA)