Adolat mahallasida adolat qaror topgan
Bugungi kunda ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini o‘z vaqtida aniqlash, mavjud imkoniyat va imtiyozlardan samarali foydalanishiga ko‘maklashish hayot kechirishning muhim yo‘nalishlaridan biriga aylangan.
Toshkent viloyatining Ohangaron shahridagi “Adolat” mahallasida ham aholiga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish, ehtiyojmand fuqarolarni aniqlash va ularga manzilli yordam ko‘rsatish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Mahallada 1 ming 81 ta oila va 975 ta xonadon mavjud. Unda nogironligi bo‘lgan 75 nafar shaxs ro‘yxatga olingan. Joriy yil boshidan buyon 160 dan ortiq murojaat qabul qilinib, ularning 80 foizdan ziyodi ijobiy hal etilgan.

Ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlar, avvalo, og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan oilalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarning ehtiyojlarini o‘rganish va ularga manzilli yordam ko‘rsatishga qaratilgan. Xususan, Sayyora Qo‘chqorova uch nafar farzandning onasi. Oiladagi murakkab ijtimoiy sharoit va salomatligi bilan bog‘liq muammolar sababli u ijtimoiy ko‘makka ehtiyoj sezgan.
Fuqaroning holati o‘rganilib, unga individual yondashuv asosida zarur yordam ko‘rsatildi. Jumladan, kuz-qish mavsumida elektr energiyasi va tabiiy gaz xarajatlarini qoplash uchun 1 million so‘m miqdorida bir martalik moddiy yordam ajratildi. 2026-yil may oyida “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi tomonidan kiyim-kechak bilan ta’minlangan bo‘lsa, Ramazon oyida “Vaqf” jamg‘armasi tomonidan 11 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.
Shuningdek, fuqaroning salomatligini tiklash maqsadida “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan amaliy yordam ko‘rsatildi. “Vaqf” jamg‘armasi ko‘magida jarrohlik amaliyoti va davolanish xarajatlarini qoplash uchun vaucher ajratildi. Mazkur yordam asosida S.Qo‘chqorovaga qorin osti churrasi bo‘yicha jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. Ayni paytda fuqaroning salomatligi va oilasining ijtimoiy holati ijtimoiy xodim tomonidan muntazam kuzatib borilmoqda.
Yana bir fuqaro Hamzina Anjela yo‘l transport hodisasi oqibatida salomatligida jiddiy o‘zgarishlar yuzaga kelgani sababli uzoq vaqt davomida harakatlanish imkoniyati cheklangan holda yashab kelgan.
Fuqaroning ijtimoiy holati o‘rganilib, unga nogironlikni rasmiylashtirish bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatildi va nogironlik belgilandi. Kundalik hayotida mustaqil harakatlanishini yengillashtirish maqsadida nogironlar aravachasi ajratildi hamda nogironlik nafaqasi tayinlanishiga ko‘maklashdi. Jumladan, H.Anjelaga “Faol hayotga qadam” dasturi doirasida kompleks reabilitatsiya xizmatlari ko‘rsatildi. Uning ruhiy-emotsional holatini qo‘llab-quvvatlash va jamiyatga moslashuvini yaxshilash maqsadida psixologik xizmat ham tashkil etildi.
Ko‘rsatilgan yordamlar natijasida fuqaroning kundalik hayotga moslashuvi, mustaqil harakatlanishi va ijtimoiy faolligini oshirish uchun zarur sharoit yaratildi.
Bu fuqarolarga ko‘rsatilgan ijtimoiy xizmatlar mahallada inson manfaatlariga asoslangan yondashuvning amaliy ifodasidir. Bir fuqaroning salomatligi tiklandi, ikkinchisining esa mustaqil hayot kechirishi uchun imkoniyat yaratildi. Zero, har bir murojaat ortida inson taqdiri bor. O‘z vaqtida ko‘rsatilgan e’tibor, to‘g‘ri yo‘naltirilgan ijtimoiy xizmat va amaliy ko‘mak inson hayotida muhim o‘zgarishlarga sabab bo‘lishi mumkin.
Umuman olganda, “Adolat” mahallasida ehtiyojmand fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini o‘z vaqtida aniqlash va manzilli yordam ko‘rsatish borasidagi ishlar izchil davom etmoqda.
Yulduzxon Jabborova,
Ohangaron shahri “Adolat” mahallasida
kompleks ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi xodimi,
O‘zA