Adolat – hayotimizning bosh mezoni
“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod etib ko‘rsatilgan Bahrom Abduhalimov 15 oktyabr kuni Kattaqo‘rg‘on shahar drama teatrida videokonferensaloqa tarzida Samarqand viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.
Uchrashuvda deputatlar, partiya faollari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniy va yoshlar ishtirok etdi.
Nomzodning Samarqand viloyatidagi ishonchli vakili M.Bobobekova saylovchilarni Bahrom Abduhalimovning tarjimai holi bilan tanishtirdi.

Prezidentlikka nomzod uchrashuv qatnashchilarini saylovoldi dasturining asosiy yo‘nalishlari bilan tanishtirdi. Dasturda kuchli adolatli jamiyat va chinakam adolatparvar davlat qurish g‘oyasi asosida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatini takomillashtirish, sud-huquq tizimini isloh qilish, jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash, ijtimoiy adolatni qaror toptirish, iqtisodiyot, ta’lim, ma’naviyat va tashqi siyosat sohalarida muhim tashabbus va g‘oyalar ilgari surilgan.

– Inson mudom adolat sari intiladi – dedi B.Abduhalimov. – Adolat tamoyili asrlar davomida ota-bobolarimiz hayotiy falsafasining o‘zagi bo‘lib kelgan. Zero, adolat aqidasi har qanday jamiyatning mustahkam ma’naviy-huquqiy poydevori hisoblanadi. Xalqimiz barcha narsadan ustun qo‘yadigan adolat aqidasini hayotimizda yanada keng qaror toptirish eng birlamchi vazifamizdir. Adolat hukm surgan jamiyatda tinchlik, bag‘rikenglik hukm suradi, xalqning davlat siyosatiga bo‘lgan ishonch-e’tiqodi ortadi, fuqarolarning Vatan kelajagiga daxldorlik tuyg‘usi yuksaladi.
Nomzod jamiyatimiz rivojida xotin-qizlarning ishtiroki masalasiga alohida to‘xtalib, yurtimizda ayolga ehtirom ko‘rsatish — millatga, yurtga, ertangi kunimizga, kelajak avlodimizga ehtirom ko‘rsatishning bosh mezoniga aylanganligini ta’kidladi. Xususan, mamlakatimizda ayollarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularning davlat va jamiyat qurilishidagi rolini yanada kuchaytirish va siyosiy huquqlarini oshirishga e’tibor qaratib kelinayotganini qayd etdi.

– Jamiyatimizda “Qonun va adolat – ustuvor, jinoyatga jazo – muqarrar” tamoyilini qaror toptirish ishlarini davom ettiramiz, – dedi B.Abduhalimov. – Shu maqsadda adolatli va mustaqil sud-huquq tizimini yaratish ishlarini yanada takomillashtiramiz. Nohaqlikning oldini olish va sud faoliyati sifatini oshirish maqsadida amaldagi “Sudlar to‘g‘risida”gi qonunni takomillashtirish orqali yagona yurisdiksiya sudlarini tashkil etish jarayonini quyi pog‘onalarga – tuman (shahar) darajasiga tushirish, ularga “xalq sudlari” maqomini berish, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarga nazorat instansiyasi vakolatini yuklash borasida maqsadli chora-tadbirlarni amalga oshiramiz.
Uchrashuvda deputatlar, partiya faollari, yoshlar vakillari so‘z chiqib, saylovoldi dasturi yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi hamda saylovchilarni Bahrom Abduhalimov nomzodini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.
G‘.HASANOV,
A.ISROILOV (surat), O‘zA