Adliya tizmi ma’muriy islohotlarning yangi bosqichida
«Ma’muriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish to‘g‘risida»gi Prezident Farmoni bilan adliya organlari va muassasalari faoliyati uchun qanday yangi yo‘nalishlar va vazifalar belgilab berildi?
So‘nggi yillarda mamlakatimizda zamonaviy tendensiyalar asosida ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish hamda takomillashtirish bo‘yicha bir qator ishlar olib borilmoqda. Shuningdek, zamonaviy boshqaruv tamoyillarini joriy qilish orqali byurokratik to‘siqlarni qisqartirish va aholiga davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini yaxshilash maqsadida yangi normalar qabul qilinmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 24 maydagi «Ma’muriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish to‘g‘risida»gi (PF–80-son) Farmoni shular jumlasidandir.
Mazkur Farmon bilan fuqarolarning huquq va erkinliklariga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlash, ularga ko‘rsatilayotgan davlat va huquqiy xizmatlar ko‘lamini kengaytirish maqsadida adliya organlari va muassasalari faoliyati uchun yangi yo‘nalishlar va vazifalar belgilab berildi.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining qo‘shimcha 4 ta yangi faoliyat yo‘nalishlari belgilandi:
— aholining kundalik hayotida uchraydigan huquqiy muammolarni aniqlash, ularni tahlil qilish va bartaraf etish;
— joylarda aniqlangan tizimli muammolarni bartaraf etishga qaratilgan qonunchilik hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish;
— fuqarolarga huquqiy masalalar bo‘yicha birlamchi bepul yuridik yordam ko‘rsatish;
— davlat organlari va mahallalarda yagona huquqni qo‘llash amaliyotini shakllantirishda metodik yordam ko‘rsatib borish.
Bundan tashqari, adliya bo‘limlariga aholi muammolarini o‘rganish va hal etish uchun har oyda mahallalarda «Adliya kuni» tadbirlarini o‘tkazish, olis hududlardagi mahallalarda har oyda kamida ikki marotaba sayyor davlat xizmatlarini ko‘rsatib borish, uyma-uy yurish va «Huquqiy ko‘mak» aksiyalarini o‘tkazish orqali fuqarolarning kundalik hayotidagi huquqiy muammolarni bartaraf etish bo‘yicha qonunchilikka takliflar ishlab chiqish, «Online-mahalla» platformasi orqali huquqiy masalalarga oid muammolarni hal etib borish, aholiga bepul birlamchi yuridik yordam ko‘rsatilishini ta’minlash va ularga huquqiy tushuntirishlar berish, yoshlar, ayollar, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarni qonunchilik hujjatlarida belgilangan imtiyozlar haqida xabardor qilish hamda tuman (shahar) tashkilotlari hamda mahalla idoralariga yagona huquqni qo‘llash amaliyoti bo‘yicha metodik yordam ko‘rsatib borish bo‘yicha yangi vazifalar yuklatildi.
Shu bilan birga, Farmon bilan yoshlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish hamda ularning huquqiy tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillarga nisbatan huquqiy immunitetni shakllantirishga qaratilgan «Mamlakat kelajagi – qonunga itoatkor va huquqbuzarlikka toqatsiz yoshlar bilan» g‘oyasi asosida adliya organlari va muassasalari, shu jumladan Toshkent davlat yuridik universiteti va yuridik texnikumlar quyidagi masalalarda mas’ul etib belgilandi:
— yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarga nisbatan murosasizlik munosabatini shakllantirish, ularda qonunlarga hurmat, mamlakat taqdiriga daxldorlik hamda vatanparvarlik hisini kuchaytirishga qaratilgan kompleks huquqiy targ‘ibot tadbirlarini tashkil qilishga;
— adliya organlari va muassasalariga yoshlarning tashrifini tashkil qilish orqali «Tengdoshimga huquqiy yordam» tadbirlarini o‘tkazib borishga;
— huquqshunoslik kasbining obro‘si va nufuzini oshirish, yoshlarda ushbu kasbga nisbatan hurmat va faxr tuyg‘ularini shakllantirish, ularni huquqiy bilim olishga qiziqtirish bo‘yicha amaliy tadbirlarni tashkil qilishga;
— yoshlarning huquqiy bilimlarini yuksaltirishga qaratilgan onlayn huquqiy savodxonlik maktabini tashkil etish va u orqali bepul huquqiy o‘quv kurslarini joriy etishga;
— ta’lim muassasalarida «Huquqiy bilimlar oyligi»ni o‘tkazib borish va yoshlarning huquqiy bilim olishlarini rag‘batlantirishga qaratilgan turli huquqiy mavzulardagi seminar-treninglar va tanlovlarni tashkil qilish.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, mazkur Farmon bilan zamonaviy boshqaruv asosida aholiga sifatli huquqiy xizmat ko‘rsatish rivojlangan va samarali ishlaydigan fuqarolik jamiyati yanada rivojlanadi.
Dilfuza Abdullayeva,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Xalqaro huquq va inson huquqlari kafedrasi dotsenti,
yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD)