Adliya tizimida ochiqlik va samaradorlik
Buxoro viloyati adliya boshqarmasi tomonidan joriy yilning birinchi choragida amalga oshirilgan ishlar, aholi murojaatlari bilan ishlash, davlat xizmatlari ko‘rsatish va qonun ustuvorligini ta’minlash borasidagi faoliyat yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi. Tadbirda ommaviy axborot vositalari vakillari, soha mutaxassislari hamda jamoatchilik ishtirok etdi.
Matbuot anjumanida adliya organlari tomonidan qonunchilik ijrosini ta’minlash, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, murojaatlarni tezkor va samarali hal etish, huquqiy xizmatlar sifatini oshirish hamda raqamlashtirish jarayonlarini keng joriy etish borasida amalga oshirilgan ishlar atroflicha tahlil qilindi.
Ta’kidlanganidek, qonun ijodkorligi va huquqiy ekspertiza sohasida hisobot davrida amaldagi qonunchilikni takomillashtirishga qaratilgan 59 ta taklif ishlab chiqildi. Shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini huquqiy ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha 50 ta hujjat taqdim qilinib, ularning 35 tasi belgilangan tartibda huquqiy ekspertizadan o‘tkazildi.
Qayd etilganidek, fuqarolar bilan ochiq muloqotni kuchaytirish, ularning muammolarini joyiga chiqqan holda o‘rganish va tezkor hal etish maqsadida hududlarda sayyor qabullar muntazam tashkil etilmoqda. Ayniqsa, mahalla fuqarolar yig‘inlarining “Onlayn mahalla” elektron platformasi orqali yuborilayotgan murojaatlarini adliya organlarining elektron tizimi orqali qabul qilish, nazoratga olish va qisqa muddatlarda ko‘rib chiqish amaliyoti samarali natija berayotgani ta’kidlandi.
Ma’lum qilinishicha, 2026-yilning birinchi choragi davomida adliya organlariga jami 1 184 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 989 tasi ko‘rib chiqilib, 603 ta murojaat qanoatlantirilgan, 386 ta murojaat bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berilgan. Bu raqamlar aholi bilan muloqot tizimi tobora takomillashayotganini ko‘rsatadi.
Qonun hujjatlari ijrosini ta’minlash maqsadida tashkilot va muassasalarda o‘tkazilgan 265 ta nazorat tadbiri davomida 4 744 ta qonun buzilishi holati aniqlangan. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish hamda fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini tiklash maqsadida 131 ta taqdimnoma kiritilgan, 102 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan va 151 ta ogohnoma berilgan.
Matbuot anjumanida davlat xizmatlari sohasida amalga oshirilayotgan raqamlashtirish jarayonlari ham alohida qayd etildi. Xususan, joriy yilning birinchi choragida jami 349 397 ta davlat xizmati ko‘rsatilgan bo‘lib, ularning 191 061 tasi onlayn shaklda amalga oshirilgan. Shu bilan birga, aholiga qulaylik yaratish maqsadida 10 mingdan ortiq sayyor davlat xizmatlari ham ko‘rsatilgan.
[gallery-29270]
Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari tomonidan 8 747 ta tug‘ilish, 2 830 ta nikoh va 655 ta nikohdan ajralish holatlari qayd etilgan. Shuningdek, 8 218 ta onlayn FHDYO xizmati ko‘rsatilgani sohada raqamli xizmatlar ulushi ortib borayotganini anglatadi.
Huquqiy va yuridik xizmatlar yo‘nalishida ham tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda viloyatda 60 nafar xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius faoliyat yuritmoqda. Hisobot davrida 8 007 ta notarial harakat onlayn shaklda amalga oshirilgani fuqarolar uchun vaqt va ortiqcha ovoragarchiliklarni kamaytirishga xizmat qilmoqda.
Matbuot anjumani yakunida adliya organlari tomonidan aholining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, murojaatlar bilan ishlash samaradorligini yanada oshirish, davlat xizmatlarini soddalashtirish va sifatli huquqiy xizmatlar ko‘rsatish borasidagi ishlar kelgusida ham izchil davom ettirilishi ta’kidlandi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.