Adliya ko‘magida fuqaroga ustama puli to‘lab berildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumani adliya bo‘limi tomonidan fuqaro R.Dosmanovning murojaati ijobiy hal etildi. Sohadagi ko‘p yillik mehnati uchun to‘lanmasdan kelingan qo‘shimcha ustama puli to‘lab berildi.
–Unda qayd etilishicha, fuqaro 2000 yildan buyon Qipchoq davlat o‘rmon xo‘jaligida bosh o‘rmonchi lavozimida ishlab kelayotganligini, sohadagi ko‘p yillik mehnati uchun ustama pullari to‘lanmayotganligini bildirib, ushbu pullarni undirib berishda amaliy yordam so‘ragan, – deydi Amudaryo tumani adliya bo‘limi Inson huquqlarini himoya qilish va huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish bo‘linmasi yetakchi maslahatchisi Bahrom Sobirov. – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 19 iyuldagi “O‘rmon xo‘jaligini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori bilan tasdiqlangan “O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi va uning tizimiga kiruvchi tashkilotlar xodimlari mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risida” gi Nizomiga asosan O‘rmon xo‘jaligi sohasi xodimlarining uzluksiz ish staji 20 yildan 25 yilgacha bo‘lganda, har oyda tarif setkasi va shtat jadvaliga muvofiq holda 70 foiz miqdorida ustama to‘lanishi ko‘rsatilgan.
Lekin o‘rganish davomida Amudaryo tumani Qipchoq davlat o‘rmon xo‘jaligi tomonidan yuqorida qayd etilgan qarorning 7-ilovasi, “O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi to‘g‘risida” gi nizomning 5-bandi talablariga to‘liq rioya qilinmayotganligi aniqlandi.
Xususan, fuqaroning ish staji 20 yildan ortiq muddatni tashkil qilsada, yuqorida belgilangan ko‘p yillik xizmatlari uchun qo‘shimcha ustama pullarini to‘lamasdan kelgan. Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 154 - moddasiga asosan ish beruvchi o‘zining moliyaviy holatidan qat’iy nazar, xodimga bajargan ishi uchun haqni belgilangan mehnat haqi shartlariga muvofiq, ushbu Kodeksning 161-moddasida ko‘rsatilgan muddatlarda to‘lashi shart.
Yuqoridagilarni inobatga olib fuqaroga to‘lanmasdan kelingan ko‘p yillik xizmati uchun qo‘shimcha ustama pullarini to‘lash bo‘yicha Fuqarolik ishlari bo‘yicha Amudaryo tumani sudiga da’vo arizasi kiritildi. Sud tomonidan da’vo ariza ko‘rib chiqilib, fuqaro R.Dosmanovning ko‘p yillik ish staji uchun 28 million 524 ming 943 so‘m qo‘shimcha pulni to‘lash bo‘yicha hal qiluv qarori chiqarildi.
Dovud ABIBULLAEV,
O‘zA muxbiri