Adliya ko‘magida 34 yillik pullik kompensatsiya undirildi
Sirdaryo viloyati Boyovut tumanida yashovchi K.Usmonov huquqiy maslahat so‘rab Boyovut tumani adliya bo‘limiga boradi. Gap shundaki, K.Usmonov 1986-2021 yillar davomida Boyovut tumani 31-umumta’lim maktabida direktor o‘rinbosari lavozimida ishlagan. Ma’lum sabablarga ko‘ra u faoliyati davomida atigi 3 marotaba mehnat ta’tiliga chiqqan.
Boyovut tuman xalq ta’limi bo‘limi mudirining 2021 yil 30 iyuldagi tegishli buyrug‘iga asosan K. Usmonov bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan. Biroq bir necha bor xalq ta’limi bo‘limiga murojaat qilishiga qaramay, turli bahonalar bilan sobiq xodimga to‘lanishi lozim bo‘lgan foydalanilmagan ta’tillar uchun pullik kompensatsiya to‘lab berilmagan.
Qonuniy haq-huquqlari buzilayotganidan norozi bo‘lgan fuqaroning murojaati Boyovut tumani adliya bo‘limi xodimlari tomonidan o‘rganildi. Xalq ta’limi bo‘limi mas’ul xodimlarining amaldagi qonunchilikdan yetarlicha xabardor emasligi, o‘z ishiga mas’uliyatsizlik bilan yondoshgani ma’lum bo‘ldi.
Mehnat kodeksining 151-moddasida mehnat shartnomasi bekor qilinganda xodimga foydalanilmagan barcha yillik asosiy va qo‘shimcha ta’tillar uchun pullik kompensatsiya to‘lanishi belgilangan.
O‘rganishlar natijasiga ko‘ra, adliya bo‘limi tomonidan Boyovut tumani xalq ta’limi bo‘limiga taqdimnoma kiritilib sobiq direktor o‘rinbosariga 34 yillik foydalanilmagan ta’tillar uchun 38 million 952 ming so‘m miqdorida kompensatsiya undirib berildi.
Shuhrat Suyarov, O‘zA