Adliya idoralari – xalq xizmatida
Namanganda viloyat adliya boshqarmasi tashabbusi bilan ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida sohadagi eng muhim yo‘nalishlar hamda amalga oshirilgan islohotlar yuzasidan atroflicha ma’lumot berildi.
Tadbir avvalida, viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i Dilmurod Ahmedov tizimdagi yangiliklar, davlat xizmatlari sohasidagi o‘zgarishlar va istiqboldagi rejalar haqida so‘z yuritdi.
Qayd etilganidek, mamlakatimizda “Adliya idoralari – xalq xizmatida” tamoyili asosida olib borilayotgan bu islohotlar aholiga yanada qulay, tezkor va shaffof xizmat ko‘rsatishga xizmat qilmoqda.
So‘nggi yillarda adliya tizimi tubdan yangilanib, 70 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini takomillashtirish, bu borada byurokratik to‘siqlarni qisqartirish, xizmatlarni raqamlashtirish, avtomatlashtirish hamda inson omilini kamaytirish orqali shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlar o‘z samarasini bermoqda.
Har kuni o‘rtacha 2 mingga yaqin fuqarolar davlat xizmatlaridan foydalanmoqda. Fuqarolar, shu jumladan, jismoniy imkoniyati cheklangan kishilarga qulayliklar yaratish maqsadida sayyor xizmatlar yo‘lga qo‘yilib, zamonaviy texnologiyalar – “Face-ID”, onlayn navbat va masofaviy xizmat tizimlari joriy etildi. Xizmat ko‘rsatish vaqti esa 10 daqiqadan to‘rt daqiqagacha qisqartirildi.
Shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun navbatsiz xizmat ko‘rsatish tartibi joriy etilgan bo‘lib, olis hududlarda interaktiv kiosklar orqali xizmatlar ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan. Birgina Kosonsoy tumani markazidan 22 kilometr olis manzilda joylashgan Namuna mahallasida masofadan turib, 70 ga yaqin davlat xizmatidan foydalanish imkonini beradigan interaktiv kioskdan aholi mamnun bo‘lmoqda. Kelgusida davlat xizmatlari sonini 900 taga yetkazish, 1 ming 100 interaktiv kiosk o‘rnatish kabi yangi qulayliklarni joriy etish rejalashtirilgan.
Anjuman davomida, Prezidentimiz tomonidan 2024-yil 5-avgustda imzolangan “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ijrosini ta’minlash borasidagi ishlar hamda davlat xizmatlarini ko‘rsatish yo‘nalishidagi sa’y-harakatlar, bu boradagi qulayliklar yuzasidan ma’lumotlar berildi.
Ta’kidlanganidek, ko‘chmas mulklarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etishga qaratilgan qonun ijrosi 2028-yil 1-yanvarga qadar amalga oshiriladi. Hozirga qadar Namangan viloyati bo‘yicha “E-E’tirof” dasturiga 43 ming 500 ga yaqin ob’ekt kiritilgan bo‘lib, ayni vaqtda ularning 29 mingdan ortig‘i vakolatli idoralar tomonidan o‘rganish jarayoni bosqichida turibdi. 20 ming 700 dan ziyod ob’ekt soliq qarzdorligi sababli jarayonda vaqtincha to‘xtatib qo‘yilgan.
Joriy yil yakuniga qadar xalq deputatlari mahalliy Kengashlari orqali 5 ming 600 ga yaqin mol-mulkka nisbatan egalik huquqini e’tirof etishni tasdiqlash rejalashtirilgan. Eng muhimi, ushbu islohotlar fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash, ularning davlat xizmatlaridan foydalanish jarayonini yanada qulay, tezkor va shaffof qilishga xizmat qiladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.