Adliya eshiklari barcha uchun ochiq...
Termiz shahridagi Matbuot uyida viloyat adliya boshqarmasi va uning quyi tizimida joriy yilning 9 oyida amalga oshirilgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Qayd etildiki, hisobot davrida jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan 6 ming 907 ta murojaatning 6 ming 203 tasi hal etilib, shundan 3 ming 889 tasi yoki 62.7 foizi qanoatlantirilgan. 2 ming 307 tasiga huquqiy tushuntirish berilib, 5 tasi rad etilgan. Boshqarmaning “Ishonch telefoni”ga kelib tushgan 253 murojaatning 221 tasi hal etilib, shundan 140 tasiga huquqiy tushuncha berilgan. Bittasi rad qilinib, 13 tasi vakolatli organlarga yuborilgan, 80 tasi yoki 36.2 foizi qanoatlantirilgan.

– Keyingi yillarda adliya organlari eshiklarining oddiy odamlar uchun yanada kengroq ochilib, vakolatlari kengaytirilgani, ochiq, oshkora faoliyat yuritayotgani jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash va murojaatchilarning qonuniy huquqlarini himoya qilishda muhim omil bo‘lmoqda, – dedi viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Abror Rahmatov.– Jumladan, yilning o‘tgan davrida mahalliy davlat hokimiyati organlarining normativ-huquqiy tusdagi 288 ta qaror loyihasi huquqiy ekspertizadan o‘tkazildi. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining norma ijodkorligi faoliyati yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganish va monitoringlar natijasi bo‘yicha 120 ta taqdimnoma kiritildi. Natijada 13 ta mahalliy davlat hokimiyati organlarining normativ tusdagi qarorlari bekor qilinib, 450 dan ortiq qaror qonun hujjatlariga muvofiqlashtirildi. Qonunchilikka o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish hamda amaliyotda mavjud muammoli holatlarni bartaraf etish yuzasidan 565 ta taklif ishlab chiqildi.

Hisobot davrida boshqarma va uning tizimidagi organlar xodimlari 1 ming 314 ta tashkilot va muassasada 899 ta o‘rganish, 1 ming 237 ta monitoring o‘tkazib, 45 ming 159 ta qonun buzilish holatini aniqladi. Ularni bartaraf etish yuzasidan 4 ming 624 taqdimnoma, 675 ma’muriy javobgarlikka, 7 ta jinoiy javobgarlikka tortish haqida taklif kiritildi. 5 ming 255 ta ogohlantirish berildi. Qonun buzilishlar bo‘yicha 1 ming 981 shaxs intizomiy javobgarlikka tortilib, ularning 69 nafari egallab turgan vazifasidan ozod etildi. 520 nafar shaxsga ma’muriy javobgarlik belgilandi. 7 ming 252 ta noqonuniy hujjat bekor qilindi. Qariyb 40 milliard so‘m mablag‘ qonuniy egalariga qaytarildi. Sudlarga kiritilgan 25 milliard 117 million so‘mlik 1 ming 697 da’vo arizasining 21 milliard so‘mlik 1 ming 648 tasi qanoatlantirildi. Shu yilning birgina uchinchi choragida tuman va shahar yuridik xizmat ko‘rsatish markazlariga tegishli qaror bilan belgilangan davlat organlari va tashkilotlaridan 185 ming 513 ta hujjat “E-huquqshunos” elektron tizim orqali kelib tushgan. Shundan 133 ming 169 tasi buyruq va 52 ming 444 tasi shartnomalardir. Ushbu hujjatlarning 181 ming 991 tasiga ijobiy, 441 tasiga qonunchilik hujjatlariga zidligi uchun salbiy xulosa berilgan. 2 ming 737 hujjat qayta ko‘rib chiqish uchun rad etilgan.

Vohada 60 ming 82 ta yoki o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 115 taga ko‘p tug‘ilish holati qayd etilgan. 16 ming 939 ta nikoh qayd etilib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 157 taga kamaygan. Nikohdan ajrash holatlari 411 ga oshib, 2 ming 75 tani tashkil etgan. O‘limlar soni 331 taga kamaygan yoki 10 ming 693 ta o‘lim qayd etilgan. Yolg‘iz onalikni belgilash 1 ming 67 ta, otalikni belgilash 3 ming 466 tani tashkil etgan. 304 holatda farzandlikka olish, 477 holatda ism-sharif yoki ota ismini o‘zgartirish, 1 ming 459 ta dalolatnoma yozuviga o‘zgartirish, tuzatish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi murojaatlar o‘z yechimini topgan.
Matbuot anjumanida davlat xizmatlari ko‘rsatish, aholining huquqiy savodxonligini oshirish yo‘nalishlarida olib borilayotgan ishlar haqida ham atroflicha ma’lumot berildi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA muxbiri