Adliya bo‘limining yangi binosi aholi xizmatida
Navoiy viloyati G‘ozg‘on shahri adliya bo‘limi binosi foydalanishga topshirildi. Shu kuni ilk xizmat ko‘rsatilib g‘ozg‘onlik yoshlar nikohdan o‘tkazildi.
Har yili mustaqillik bayrami arafasida yangi inshootlarni foydalanishga topshirish an’anaga aylangan. Bu yil ham ana shu an’anaga sodiq qolgan holda Navoiy viloyatida G‘ozg‘on shahar adliya bo‘limi binosi foydalanishga topshirildi.

Binoning tantanali ochilish marosimida Navoiy viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘i G‘aybulla Primov, G‘ozg‘on shahar hokimi Azim Bozorov, sektor rahbarlari, adliya boshqarmasi vakillari, davlat va jamoat tashkilotlari xodimlari, mehnat faxriylari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Zamonaviy me’moriy yechimga ega binoda davlat xizmatlari markazi, davlat notarial idorasi, FHDYO bo‘limi, yuridik xizmat ko‘rsatish joylashgan.


Adliya bo‘limida G‘ozg‘on shahrining 7 ming nafardan ortiq aholisiga huquqiy xizmat ko‘rsatish uchun barcha sharoitlar mavjud bo‘lib, xizmatlar elektron navbat orqali yo‘lga qo‘yilgan. 5 ta xizmat ko‘rsatish oynasida fuqarolarga 300 dan ortiq davlat xizmati ko‘rsatiladi.
A.Bo‘riyev,
O‘zA