Adibga ehtirom
Andijon davlat pedagogika institutida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, taniqli shoir va publitsist, “Do‘stlik” ordeni sohibi Farid Usmon tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan “Farid Usmon – Andijon faxri” deb nomlangan adabiy, ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi hamda Andijon davlat pedagogika instituti hamkorligida tashkil etilgan mazkur tadbirda shoir Farid Usmon, institutning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Muhammadjon Parpiyev, adabiyotshunos olimlar, institut professor-o‘qituvchilari, ijodkorlar, talaba yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirda so‘z olgan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Xurshida Vaxobjon qizi oltmishdan ortiq she’riy, nasriy kitoblar muallifi Farid Usmonning hayoti va ijodi, yuksak insoniy fazilatlari, boy adabiy merosi hamda publitsistik faoliyati haqida gapirdi.

Shuningdek, ijodkorlar, adabiyotshunos olimlar tomonidan Farid Usmon ijodining o‘zbek adabiyotidagi o‘rni, uning asarlarida aks etgan milliy ruh, ma’naviy qadriyatlar va zamonaviy tafakkur uyg‘unligi alohida e’tirof etildi.

Tadbirda shoir she’rlari bilan aytilgan qo‘shiqlar ijro etildi, ijodkor talabalar she’rlaridan namunalar o‘qidi, ayniqsa, Bobur, Navoiy, ulug‘ tariximiz, milliy o‘zlikni anglash mavzusidagi nasriy asarlari mazmun-mohiyati yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.

Tadbir tashkilotchilari tomonidan ustoz ijodkorga esdalik sovg‘alar topshirildi.
F.Ubaydullayev,
O‘zA.