Adib tilidagi kishini maftun qiladigan birinchi xislat…
"Odamlar dod ovoziga o‘rganib qolgan: birovni eri uradi, birovning uyi xatga tushadi… Ammo kampirning dodiga odam tez to‘plandi. Qobil bobo yalang bosh, yalang oyoq, yaktakchan og‘il eshigi yonida turib dag‘dag‘ titraydi, tizzalari bukilib-bukilib ketadi; ko‘zlari javdiraydi, hammaga qaraydi, ammo hech kimni ko‘rmaydi. Xotinlar o‘g‘rini qarg‘aydi, it huradi, tovuqlar qaqag‘laydi. Kimdir shunday kichkina teshikdan ho‘kiz sig‘ishiga aql ishonmasligi to‘g‘risida kishilarga gap ma’qullaydi"…
Inson atrofga nazar solar ekan, butun borliqning takror harakatlari uning ko‘zlarida ko‘nikma hosil qilib, ba’zan hayotning chin zavqini, tabiatning asl jilosini anglamasdek bo‘lib qoladi. Aslida koinotdan insoniyatgacha, hayvonotu nabototgacha nozik jilo va mo‘’jizaga boy ekanini eslatib turguvchi insonlar bor ekan, ularning qalb tug‘yonini ijod, o‘zlarini esa ijodkor deb ataymiz. Yuqorida keltirilgan jumlalar «Sinchalak», «O‘tmishdan ertaklar», «Muhabbat» kabi qissalari bilan o‘zbek nasrining taraqqiyotiga hissa qo‘shgan ijodkorning «O‘g‘ri» hikoyasidan parchalar edi. Xo‘sh, keng ommani adabiyotga maftun eta olgan ushbu adibning ijodi qanday bo‘lganki, davr tanlamay e’tirof etilaveradi, tan olinaveradi?!
Bugun o‘zbek adabiyoti taraqqiyotiga katta hissa qo‘shgan adib Abdulla Qahhor tavallud topgan kun. Adib 1907 yil 17 sentyabrda Qo‘qon shahridagi temirchi oilasida dunyoga keldi. O‘rta ma’lumotni Qo‘qonda olgach 1925 yilda Toshkentga kelib, gazetada faoliyat yuritdi. O‘rta Osiyo davlat universitetining pedagogika fakultetida tahsil olib, jurnallarda mas’ul kotib, O‘zbekiston davlat nashriyotida muharrir lavozimlarida ishladi.
Abdulla Qahhorning ijodi 1924 yildan boshlandi. Dastlab «Mushtum» jurnalida, «Yangi Farg‘ona» gazetasida uning hikoya, feleton, xabarlari bosildi. Yozuvchining «Olam yasharadi» nomli birinchi hikoyalar to‘plami 1935 yilda chop etilgan. 30 yillarda adibning uchta «Hikoyalar» to‘plami kitobxonlar qo‘liga tegdi. Bu davrda Abdulla Qahhor kichik hikoyalardan tashqari «Sarob» (1935) romanini yozdi.
Abdulla Qahhor hikoyalaridagi o‘xshatishlar o‘quvchi hayratini oshirdi. Bu o‘xshatishlar esa yozuvchining kuzatuvchanligi, hayot haqiqatini ipidan-ignasigacha, miridan-sirigacha, butun ikir-chikirigacha ko‘rsata olishiga bir dalildir.
O‘zbekiston Qahramoni Ozod Sharafiddinov «Iste’dod jilolari» maqolasida: "Bir marta bu olamga kirgan odam undagi mislsiz go‘zallikning asiri bo‘lib qoladi, u olam tufayli o‘zbek tili deb atalmish ona tilimizning nafisligiga, aniqligiga, rangdorligiga, ma’nodorligiga, har qanday chuqur fikrni, har qanday nozik tuyg‘uni, har qanday murakkab kechinmani ifodalay oladigan qudratiga qoyil bo‘ladi. Abdulla Qahhor ishlatgan so‘zlar, yaratgan jumlalar tilimizning boyligini o‘zida aks ettirib, kamalakday tovlanadi… Abdulla Qahhor tilida kishini maftun qiladigan birinchi xislat – tabiiylikdir", deya yozgan edi.
Urush yillarida yozuvchining bir qancha feleton, ocherk va hikoyalari e’lon qilindi. «Asror bobo», «Dardaqdan chiqqan qahramon», «Kampirlar sim qoqdi», «Xotinlar», «Oltin yulduz» kabi o‘nlab hikoya va qissalarida o‘zbek jangchilarining mardligi, xalqimizning mehnatdagi jonbozliklari, yuksak vatanparvarligi ifodalangan. Urushdan keyingi yillarda esa yozuvchining «Qo‘shchinor chiroqlari» romani yaratilib, jamoalashtirish mavzuiga bag‘ishlandi.
U o‘zining «Shohi so‘zana», «Og‘riq tishlar», «Tobutdan tovush», «Ayajonlarim» komediyalari bilan o‘zbek dramaturgiyasi rivojiga ham salmoqli hissa qo‘shdi. Ayniqsa, «Shohi so‘zana» pesasida dramaturg qo‘riq va bo‘z yerlarni o‘zlashtirish mavzuini zo‘r mahorat bilan yoritdi. Pesa respublikamiz va qator xorijiy mamlakatlar sahnalarida muvaffaqiyatli namoyish qilindi.
U «O‘tmishdan ertaklar» qissasi uchun Respublika Davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi. O‘zbek kitobxonlari Abdulla Qahhor tarjimasida N.V.Gogolning «Revizor», L.N.Tolstoyning «Urush va tinchlik» va boshqa roman hamda asarlarni o‘z ona tillarida o‘qishga muvaffaq bo‘lgan.
O‘zbekiston xalq yozuvchisi Abdulla Qahhor mustaqillik yillarida o‘zbek adabiyoti va madaniyati rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi uchun «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan mukofotlangan.
Abdulaziz RUSTAMOV tayyorladi, O‘zA