Adabiyot vaqtni yengadi
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida Nasr kengashining hisobot yigʻilishi oʻtkazildi.
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida Nasr kengashining hisobot yigʻilishi oʻtkazildi.
Kengashi raisi Isajon Sulton axborot berdi.
Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan “Besh tashabbus – besh kitob“ tanlovi oʻtkazilib, tanlab olingan asarlar kitob holida chop etildi. “Mening birinchi kitobim“ ruknida 21 yosh ijodkorning kitoblari oʻquvchilar qoʻliga yetib bordi. Davriy matbuotda va alohida kitob holida bir qancha yirik nasriy asarlar eʼlon qilindi. Mamadali Mahmudovning “Oynur“, Nortoʻxta Qilichning “Tuhmat“, Qurbon Muhammadrizoning “Beruniy“, Abdujalil Rahimovning “Abu Ali ibn Sino“ hamda Isajon Sultonning “Bilga xoqon“ asarlari shular jumlasidan.
2019-yil oʻzbek adabiyotida qissachilik janrida ham sermahsul boʻldi.
– 2019-yilda “Sharq yulduzi”, “Yoshlik” va “Jahon adabiyoti” jurnallarida yettita qissa chop etildi, – dedi Andijon davlat universiteti doktoranti, filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori Mashhura Sheraliyeva. – “Sharq yulduzi” qissalarni chop etishda peshqadamlik qildi. Saʼdulla Siyoyevning “Dashti qipchoq lochini yoxud Muhammad Shayboniyxon qissasi“, Soyim Isʼhoqning “Ona yoʻlbars hamlasi“, Nurali Qobulning “Qulon quduqqa qulasa“ hamda Ubaydullo Yoʻldoshevning “Birinchi muhabbat“ qissasini oʻquvchilar sevib oʻqiganiga ishonchimiz komil. Eʼtiborli yana bir jihat shundaki, oʻtgan yili jurnallarda chop etilgan qissalar mualliflarining eng yoshi ellik ikkida ekan. Yilda oʻn ikki marta chiqadigan “Yoshlik” jurnalida bor-yoʻgʻi ikkita qissa chop etilgan, ulardan birining muallifi Jamila Ergasheva, ikkinchisi Shodiqul Hamro. Oʻttiz yoshlilar, qirq yoshlilar orasida ancha-muncha yaxshigina hikoyalar yozayotganlar borligini bilamiz. Lekin ularning qissalari qani?
2019-yil matbuotimizda Erkin Aʼzam, Normurod Norqobilov, Muhammad Raufxon, Nazar Eshonqul, Ulugʻbek Hamdam, Isajon Sulton, Qoʻchqor Norqobil, Sobir Oʻnar, Abduqayum Yoʻldoshev, Zulfiya Qurolboy qizi, Joʻra Fozil, Neʼmat Arslonov, Bahodir Qobul singari tajribali ijodkorlar bilan birga, oʻzbek hikoyachiligining rivoji uchun xizmat qilishga bel bogʻlagan yosh iqtidorlarimiz ham samarali ijod qildi.
Adiblarimizning izlanishlari tufayli zamonaviy jahon adabiyotidagi yangicha tamoyillarga tutash, ayni paytda milliy qadriyatlarimiz zaminida shakllangan betakror hikoyalar matbuotimiz, adabiyotimiz sahifalarini toʻldirdi. Bir yil mobaynida 100 dan ortiq hikoyalar davriy matbuotimizning turli nashrlarida, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarda eʼlon qilindi.
Hisobotda aytilishicha Nasr kengashida 14 roman, 13 qissa va 10 dan ortiq hikoya va badialar toʻplamlari muhokama qilinib, ularga fikr va mulohazalar bildirilgan.
Nasr kengashi aʼzolari 2019-yil 3-5-iyul kunlari Yosh ijodkorlar Zomin seminarida ishtirok etib, yosh adabiyotshunoslarning ishlari bilan tanishdi va ularga mahorat darslari oʻtdi. Uyushmada oʻtkazilgan turli kitob taqdimotlari va anjumanlarda oʻz fikr-mulohazalari bilan faol ishtirok etdi. Shuningdek, kengash aʼzolari mamlakatimizning turli tashkilot va muassasalarida boʻlib oʻtgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarda faol ishtirok etib, respublika matbuotida va telekanallarda madaniy-maʼrifiy chiqishlar qildi.
Nasr kengashining 2020-yildagi rejalari muhokama qilindi.