Adabiyot va hayot uyg‘unligi
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari, taniqli shoir G‘ayrat Majid O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi vazirining tegishli buyrug‘iga asosan "O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi a’lochisi" ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Ko‘krak nishonini suv xo‘jaligi vazirining Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar sho‘’basi boshlig‘i, vazirning axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi – matbuot kotibi Shuhrat Suyunov topshirdi.
Aytish kerakki, G‘ayrat Majid vazirlik va uning tizimidagi muassasalar, oliy o‘quv yurtlarida, mehnat jamoalarida tashkil etilayotgan turli ma’rifiy tadbirlar, ijodiy uchrashuvlar, adabiy anjumanlarda faol ishtirok etib kelmoqda.

G‘ayrat Majidning e’tiroficha, suv qaqragan dalalarga hayot nafasini olib kiradi. Suvchilarning mehnati bilan Vatanimizning ekin maydonlari yashnaydi.
Shoirning fikricha, yaxshi she’r esa ko‘ngillarga yorug‘lik, ma’rifat ulashadi. Shoirlar, yozuvchilarning ijodi bilan Vatanimizda yashayotgan insonlarning ko‘ngli yashnaydi, ilhom oladi. Munis Xorazmiy, Muhammadrizo Ogahiy bobolarimiz ham shoir, ham mirob bo‘lgan. Hazrat Alisher Navoiy bobomiz kanallar qazdirib, suv chiqargan.

Vazirlik tizimidagi tashkilotlarda bo‘lib o‘tgan adabiy uchrashuvlarda G‘ayrat Majid mamlakatimizdagi adabiy jarayonlar bilan birga, o‘zi tug‘ilib o‘sgan Kitob tumani Xo‘jailmkoni qishlog‘idagi korizlar tarixi, suv ilmini chuqur bilgan bobolarimizning merosi, o‘zbek tilining jamiyat hayotidagi o‘rni va nufuzini mustahkamlash, kitobxonlik, mutolaa haqida batafsil fikr yuritadi.
Bularning barchasi mamlakatimizda kitobxonlik targ‘iboti, milliy adabiyotimiz jamiyat hayotining barcha jabhalariga faol kirib borayotganini anglatadi.
N.Usmonova, O‘zA