Adabiyot fidoyilari
Milliy adabiyotimizda ustoz ijodkorlarning bosib o‘tgan hayot yo‘li, ularning ijodi hozirgi yosh qalamkashlar uchun ibrat maktabi vazifasini o‘tamoqda.
Ana shunday ijodkorlardan biri Omon Muxtor edi. Ijodkor 1941 yil 16 iyul kuni Buxoro shahrida tavallud topgan. Kitobxonlar Omon Muxtorni yozuvchi, shoir, dramaturg sifatida alohida e’tirof etadi.
Omon Muxtor 1958 yil Buxoro shahrida maktabni, 1964 yil Toshkent Davlat universitetining jurnalistika bo‘limini tugatgan edi. Bolalar gazetasi, O‘zbekiston radiosi, Kino qo‘mitasida ishlagan. Adabiyot nashriyotida muharrirlik qilgan. 1983 yildan "Sharq yulduzi" jurnalida faoliyat ko‘rsatgan edi.
Omon Muxtorning "Yog‘du" (1979), "Marvarid" (1985), "Shiddat" (1990) va boshqa she’r to‘plamlari, tarjima kitoblari chop etilgan. Shuningdek, kattalar va bolalarga mo‘ljallangan yangi ertaklar, xayoliy manzaralardan iborat bir necha kitoblari ham nashr etilgan. Adib qator hikoyalar va qissalar kitoblari muallifi edi. "Nigoh" (1968), "Qushlar va tushlar" (1971), "Shaharlik kelinchak" (1973), "Vazifa" (1988), "O‘lmagan jon" (1995) singarilar shular jumlasidan. Uning qahramonlari oddiy kasb-hunar kishilari. She’rlarida ham, hikoya va qissalarida ham yozuvchi birovga ergashmaydi, o‘zi topgan aniq fikr bilan jonli manzara chizishga urinadi. Omon Muxtorning Sadriddin Ayniy, Fitrat, G‘afur G‘ulom kabi ustozlardan saboq olgani ijodida yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Omon Muxtor dastlab "Yillar shamoli" (1976) va "Egilgan bosh" (1989) degan ikki roman e’lon qildi. Bu romanlar keyinchalik "Buxorolik bir yigit" (1998) va "O‘lmagan jon" (1995) kitoblarida qayta nashr etildi. Yozuvchining shundan so‘ng "To‘rt tomon qibla" trilogiyasi ("Ming bir qiyofa", "Ko‘zgu oldidagi odam", "Tepalikdagi xaroba" romanlari) 2000 yilda nashr etildi. U yana "Ffu", "Ayollar mamlakati va saltanati" (1997), "Aflotun" (1998), "Maydon" ("Sharq yulduzi" jurnali 2001 yil 1-son) romanlarini yozdi.
Adabiyotshunoslarga ko‘ra, dastlabki ikki romani ma’lum darajada an’anaviy uslubda bo‘lsa, keyingi romanlar o‘z shakli va yo‘nalishi bilan butunlay yangichadir. Ular asosan, o‘zbek xalq ertaklari, qissalari, dostonlari va afsonalariga suyangan holda, bu kungi inson hayotini aks ettirish bilan birga, uning xayol olamiga, ruhiyatiga sayohatni eslatadi. Adib ijodiga xos bo‘lib kelgan falsafaga moyillik bu romanlarda bo‘rtib ko‘rinadi. Inson qismati ham, uning ruh olami ham naqadar murakkab ekanligini aks ettiradi. Omon Muxtor kamtarin, kamsuqum, xoksor, halol inson, adabiyotni, ijodni umr mazmuniga aylantirgan qalamkash sifatida ko‘pchilik xotirasida adibdir.
***
O‘zbek adabiyotida hajviy janr o‘ziga xos o‘rin tutadi. Yengil kulgi va yumorga yo‘g‘rilgan asarlarni atoqli adib, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Ne’mat Aminov ijodisiz tasavvur etish qiyin.

Ne’mat Aminov 1937 yil 17 iyulda Buxoro viloyatining Romitan tumanida tug‘ilgan.
Ne’mat Aminov 1959 yilda Buxoro pedagogiga institutining tarix-filologiya fakultetini tugatgan.
U viloyat radioeshittirish qo‘mitasida muharrir va bosh muharrir (1961-1973), «Mushtum» jurnalida mas’ul kotib va bosh muharrir (1973-2005), «Sharq yulduzi» jurnali bosh muharriri o‘rinbosari (1989-1991), Respublika ma’naviyat va ma’rifat jamoatchilik markazi rahbari (1995-1999) bo‘lib mehnat qilgan.
Ne’mat Aminovning ilk hajviy hikoyalar to‘plami – «Ikki pullik obro‘» nomi bilan 1966 yilda chop etilgan.
So‘ng «Qirq uchinchi pochcha» (1970), «Labihovuz xandalari» (1973), «Chinorlar qo‘shig‘i» (1984), «Yelkasiz polvon» (1986), «O‘g‘ri mushukcha» (1987), «Qahqaha» (1987), «Yallama-yorim» (1988), «Cholbolaning ertaklari» (1990) va boshqa hajviy to‘plamlari nashr etilgan.
«Yelvizak» va «Suvarak» qissalari asosida «Yolg‘onchi farishtalar yoxud yelvizakfe’l va suvarakmijoz Bashirjon Zaynishev hayotidan» hajviy romanini yozgan. «Bir asr hikoyati» (1996) asari ham bor. Ne’mat Aminov «Mehnat shuhrati» ordeni bilan mukofotlangan (1999).
N.Usmonova tayyorladi, O‘zA