“Adabiyot darslari” hujjatli filmining taqdimoti o‘tkazildi
Ustoz Abdulla Oripov ijodiga bag‘ishlangan teleko‘rsatuvlar, hujjatli filmlar, badiiy kartinalar, qiziqarli media materiallar shoir ijodi, hayoti bilan yanada kengroq tanishish imkonini beradi.
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov tavalludining 84 yilligiga bag‘ishlangan “Adabiyot darslari” hujjatli filmining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Mazkur hujjatli film “Do‘stlik” ordeni sohibi, rejissyor, operator, Saidbotir Ahmadxo‘jayev tomonidan suratga olingan.
Tadbirda Milliy kutubxona direktori Umida Teshaboyeva, O‘zbekiston Qahramoni, akademik, adabiyotshunos olim Ibrohim G‘afurov, O‘zbekiston xalq yozuvchisi, “Tafakkur” jurnali bosh muharriri Erkin A’zam Abdulla Oripovning hozirgi o‘zbek adabiyoti va zamonaviy tarjimashunoslik rivojiga qo‘shgan hissasi haqida to‘xtaldi.

Xususan, O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva Abdulla Oripov fenomeni, kutubxonada shoir bilan bo‘lib o‘tgan qator ijodiy uchrashuvlar, adabiy kechalar va intervyularni xotirladi.
Hujjatli filmda Abdulla Oripovning jonkuyar ijodkor va g‘amxo‘r ustozligi, fidoyi do‘st va xalq suygan shoir ekani yana bir bor e’tirof etilgan.

Unda Abdulla Oripov zamondoshlari, shogirdlari va izdoshlari o‘z xotiralarida shoir she’riyatining falsafasi, ma’nolarga boyligi, milliy g‘urur, diniy e’tiqod, axloqiy talabchanlik va isyonkor ruhga yo‘g‘rilganini e’tirof etdilar.

Taniqli xonanda Xojiakbar Hamidov ijrosidagi qo‘shiqlar tadbirga bayramona kayfiyat baxsh etdi.
N.Usmonova, O‘zA