Adabiy tilimizning oltin ko‘prigi: “Haqiqatlar tuhfasi” asarining muallifini bilasizmi?
Samarqand zamini nafaqat buyuk jahongirlar, balki benazir aql sohiblarini ham yetishtirib bergan ilm o‘chog‘idir.
O‘n ikkinchi asrda shu makonda ajoyib bir siymo dunyoga keldi. Bu zotning zohiriy ko‘zlari yorug‘likni ko‘rmas edi. Biroq Yaratgan unga shunday teran botiniy nazar ato etgan ediki, u butun turkiy elni hayratga soldi. Adib Ahmad Yugnakiy nomi bilan tarix zarvaraqlariga muhrlangan bu mutafakkir o‘zbek ma’naviyati tarixida o‘chmas iz qoldirdi. Mutafakkirning bizgacha yetib kelgan “Hibat ul-haqoyiq”, ya’ni “Haqiqatlar tuhfasi” asari ajdodlarimizning yuksak tafakkuridan dalolat beradi.
Adib Ahmadning tug‘ilgan makoni bo‘lmish Yugnak qishlog‘i xususida olimlar uzoq vaqt qizg‘in bahs olib borishgan. Farg‘ona va Turkiston hududlarida ham shu nomdagi manzilgohlar borligi aytiladi. Lekin ishonchli tarixiy manbalar bu bahsli masalaga oydinlik kiritadi. O‘n ikkinchi asrda yashagan mashhur tarixnavis Abulkarim Sam’oniy o‘zining “Al-Ansob” (“Nasabnoma”) kitobida bu borada aniq ma’lumot beradi. Olim Yugnak (Yug‘anak) aynan Samarqand qishloqlaridan biri ekanini qat’iy qayd etadi. Demak, o‘zbek mumtoz adabiyotining ilk durdonalaridan biri qadimiy Samarqand tuprog‘ida yaratilgan. Bu esa mazkur shaharning nafaqat siyosiy, balki kuchli ilmiy o‘choq bo‘lganini yana bir bor isbotlaydi.
Yugnakiyning hayoti va shaxsiyati benazir matonat hamda ruhiy quvvat namunasidir. U tug‘ma ojiz bo‘lishiga qaramay, nihoyatda ziyrak va o‘tkir zehn egasi bo‘lib yetishgan. Buyuk mutafakkir Alisher Navoiy “Nasoyim ul-muhabbat”(“Muhabbat shabbodalari”) tazkirasida unga yuksak baho beradi. Navoiy bobomiz Yugnakiyning ko‘ngil ko‘zi bag‘oyat yorug‘ bo‘lganini, hikmatlari butun turkiy el orasida keng tarqalganini hurmat bilan e’tirof etadi. Bu shunchaki maqtov emas, balki ulug‘ shoirning buyuk muallimga nisbatan cheksiz ehtiromi edi. Navoiy o‘z maktublarida ham Adib Ahmad baytlarini yoshlarga ibrat sifatida keltiradi. Uning nomi Turonning eng mashhur shayxlari qatorida tilga olinishi ham bejiz emas.
“Hibat ul-haqoyiq” asari shaklan katta bo‘lmasa-da, ma’nan ulkan qamrovga ega bebaho boylikdir. Kitob o‘n to‘rt bob va besh yuz o‘n ikki misradan tashkil topgan. U avvalgi muhtasham turkiy bitiklardan bir-ikki asr keyin yozilgan bo‘lib, til nuqtai nazaridan nodir topilmaga aylangan. Mashhur sharqshunos Yevgeniy Bertels bu asarni qadimgi o‘zbek adabiy tilidan mumtoz tilga o‘tishdagi oltin ko‘prik deb ataydi. Kitobda qadimgi turkiy so‘zlar bilan birga arab va fors atamalari ham mohirona qo‘llangan. Bu esa tilimizning o‘sha davrdayoq naqadar boy va qudratli bo‘lganini yaqqol namoyon etadi. Adabiyotshunos Ergash Ochilovning yozishicha, asar Dod Sipohsolorbek ismli hukmdorga taqdim etilgan bo‘lib, davlat arboblari uchun muhim axloqiy qo‘llanma vazifasini o‘tagan.
Mazkur muhtasham asarning asosiy qismi bevosita inson ruhiyati va jamiyat tartibotiga bag‘ishlanadi. To‘rt muqaddima bobdan so‘ng muallif beshinchi bobda ma’rifatning cheksiz foydasi va jaholatning halokatli zarari haqida chuqur mushohada yuritadi. Oltinchi bob esa to‘lig‘icha til odobiga, so‘zning jamiyatdagi o‘rniga qaratilgan. Yugnakiy inson qadri uning so‘zi va teran bilimi bilan o‘lchanishini qat’iy uqtiradi. Sakkizinchi bobda saxiylik va baxillik tabiati hayot misollarida ochib beriladi. Ushbu kitobni komil insonni tarbiyalashga xizmat qiluvchi mukammal axloq qomusi deyish o‘rinlidir. Muallif o‘zini shunchaki shoir emas, balki butun millatning tarbiyachisi, haqiqiy adab muallimi deb bilgan. Asarga hadislar ruhi juda chuqur va ustamonlik bilan singdirilgan.
Asarning tarixiy taqdiri ham uning yaratilishi kabi g‘oyat hayratlanarlidir. U dastlab qadimiy uyg‘ur yozuvida bitilgan va asrlar davomida turli kotiblar tomonidan ixlos bilan ko‘chirilgan. Bir ming to‘rt yuz qirq to‘rtinchi yili Samarqandda Zaynulobidin baxshi ko‘chirgan qo‘lyozma alohida ilmiy ahamiyatga ega. Bir ming to‘rt yuz saksoninchi yili Istanbulda Abdurazzoq baxshi tomonidan bitilgan nusxa ham qadimiy merosimizning sarhadlari naqadar keng bo‘lganini tasdiqlaydi. Ushbu nodir kitob qator olimlar tomonidan qayta-qayta chop etilgan. Fitrat, Oybek kabi millat fidoyilari bu durdonani xalqqa tanitish yo‘lida o‘zlarining tengsiz hissalarini qo‘shganlar. Tarixiy xotirani tiklashda bunday manbalarning o‘rni beqiyosdir.
Alisher Egamberdiyev tayyorladi, O‘zA