Adabiy hamkorlikni mustahkamlash yo‘lida
Keyingi yillarda qardosh xalqlar bilan adabiy aloqalar tobora mustahkamlanib bormoqda.
Bunda qo‘shni mamlakatlarda ijod qilayotgan tarjimonlar ham o‘zbek yozuvchi va shoirlarining asarlarini tarjima qilib, adabiy aloqalar mustahkamlanishiga munosib hissa qo‘shmoqda.
Qirg‘izistonlik shoir Rahim Karim o‘zbekistonlik bir qator shoirlarning asarlarini qirg‘iz, rus va ingliz tillariga tarjima qildi hamda Qirg‘iziston, Rossiya, Mo‘g‘uliston, AQSH, Ruminiya, Tayvan, Livan, Hindiston, Lotin Amerikasining bir nechta mamlakatlaridagi milliy hamda xalqaro nashrlarida, ijtimoiy tarmoqlarida e’lon qilishga muvaffaq bo‘ldi.
She’rlari qirg‘izistonlik ijodkor tomonidan tarjima qilinib, chop etilgan o‘zbekistonlik ijodkorlar orasida Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Halima Xudoyberdiyeva, Omon Matjon, Muhammad Yusuf, Dilbar Haydarova, Farida Afro‘z, Gulchehra Shahobiddin qizi, Odil Ikrom, Olimjon O‘sarov va boshqalar bor.
O‘z o‘rnida Rahim Karimning “Komila” romani, “Xiyonat” povesti o‘zbek tilida Toshkentdagi “Sano-standart” nashriyotida har biri 5 ming nusxadan chop etildi.
Qirg‘izistonlik ijodkor o‘zbekistonlik san’atkorlar bilan ham hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Mazkur ijodiy muloqotning mevasi sifatida o‘zbekistonlik xushovoz xonanda Shohsanam Xolmirzayeva ijrosidagi “Do‘stlik qo‘shig‘i” taronasi yaratilib, qo‘shiq O‘zbekistonda 2020 yilda tashkil etilgan “Zuvola” respublika milliy estrada qo‘shiqlari tanlovida g‘oliblar ro‘yxatidan joy olgan.
Shu bilan birga, Rahim Karim Qirg‘iziston xalq shoiri Egemberdi Ermatovning “Muhammad payg‘ambar” dostonini, Qirg‘iziston xalq yozuvchisi, mashhur dramaturg Murza G‘aparovning “Mehmon” povestini, Qirg‘izistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat arboblari Tosh Miyashevning “Alvido, muhabbat!” asarini, Qarmishaq Tashboyevning “Buyuk yer farzandlari” deb nomlangan bolalar uchun she’rlar kitobini, shuningdek, adiblar To‘lo‘n Jo‘ldo‘shevning “Manas” romanini, Sapar Abilovning “Go‘ristondan qaytgan ayol” povestini, uning “Oltin kavush” bolalar uchun she’rlar kitobchasini, shoirlar Jo‘lo‘n Mamitov, Abdirashit Urbayevning she’rlarini o‘zbek va rus tillariga tarjima qilgan. Bu kitoblar bir qator Qirg‘iziston nashriyotlarida chop etilgan.
O‘ylaymizki, o‘shlik shoir Rahim Karimning tarjima sohasida amalga oshirayotgan xayrli ishlari kelgusida O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston shoir va yozuvchilari o‘rtasidagi do‘stlik munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
N.Usmonova, O‘zA