Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab filiallari tashkil etiladi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimida tabiiy fanlar yo‘nalishiga ixtisoslashtirilgan maktablar tarmog‘ini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ta’lim tashkilotlari, shuningdek, vazirliklar va idoralar tizimidagi umumiy o‘rta ta’lim va kasbiy ta’lim tashkilotlari negizida Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning filiallari tashkil etiladi.
Qaror bilan:
2025 yilda tashkil etiladigan Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab filiallarining ro‘yxati;
2025-2027 yillarda yangidan quriladigan va rekonstruksiya qilinadigan Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab filiallarining manzilli ro‘yxati tasdiqlandi.
Bir oy muddatda qarorda ko‘rsatilgan ta’lim tashkilotlari, ularning mol-mulki, bino va inshootlari operativ boshqarish huquqi asosida Agentlik tizimiga o‘tkaziladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent va Farg‘ona viloyatlari hokimliklari 2025 yil 1 noyabrga qadar Agentlik tizimida tashkil etilayotgan Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab filiallarining bino va inshootlarini ta’mirlab, belgilangan talablar asosida jihozlab, o‘quvchilarga yashash va ovqatlanish uchun zarur sharoitlarni yaratib beradi.
Toshkent shahridagi Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab tabiiy fanlar yo‘nalishi bo‘yicha tayanch maktab hisoblanadi.
Tayanch maktabning direktori hamda uning filiali ijrochi direktori Agentlik direktori tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
Tayanch maktab va filiallarga rahbar kadrlar ikki bosqichli (saralash va suhbat), pedagog kadrlar uch bosqichli (saralash, test sinovi va suhbat) tanlov asosida ishga qabul qilinadi.
Qabul 7-sinfdan boshlanadi va bir sinfda o‘quvchilarning soni 24 nafardan oshmaydi.
O‘quvchilar tayanch maktab uchun belgilangan tartib asosida saralab olinadi.
O‘quvchilar uchun turar joy hamda autsorsing asosida belgilangan tartibda bepul sog‘lom ovqatlantirish tashkil etiladi.
O‘zA