Abituriyentlar kasbiy-ijodiy sinovdan o‘tmoqda
Surxondaryo viloyatidagi oliy ta’lim muassasalarida 2021/2022 o‘quv yili bakalavriat bosqichi uchun alohida iqtidor talab etiladigan yo‘nalishlarda kasbiy-ijodiy imtihonlar boshlandi.
Kasbiy-ijodiy imtihonlarning bosh maqsadi abituriyentlarning tanlangan mutaxassisliklari bo‘yicha imkoniyatlarini aniqlash, bilim va malaka darajasi, kasbiy ko‘nikmasi, ijodiy hamda jismoniy qobiliyatini baholashdan iborat.
Viloyatdagi yetakchi oliy ta’lim muassasasi ¬Termiz davlat universitetida yangi o‘quv yili uchun vokal san’ati (turlar bo‘yicha), cholg‘u ijrochiligi (turlari bo‘yicha), rangtasvir (turlar bo‘yicha), dizayn (milliy kostyum), amaliy san’at (turlar bo‘yicha), amaliy san’at (turlar bo‘yicha), sport faoliyati (kurash) sohalarida kunduzgi, shuningdek, tasviriy san’at va muhandislik grafikasi, musiqa ta’limi, jismoniy madaniyat sirtqi ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kasbiy-ijodiy imtihonlar bo‘lib o‘tadi. Unda 1 ming 504 abituriyent ishtirok etadi.

Kasbiy-ijodiy imtihonlar bo‘lib o‘tadigan binolarda bo‘lajak talabalar uchun barcha sharoit yaratilgan. Zarur texnik vositalar bilan jihozlangan. Musiqa ta’lim yo‘nalishiga imtihon topshiruvchi abiruriyentlar uchun maxsus auditoriya, jismoniy madaniyat ta’lim yo‘nalishiga imtihon topshiruvchi abituriyentlar uchun sport zallari, amaliy san’at, tasviriy san’at ta’lim yo‘nalishiga imtihon topshiruvchi abiruriyentlar uchun jihozlangan xonalar shay holatga keltirilgan.
Bugun Termiz davlat universitetida boshlangan kasbiy-ijodiy imtihonlar vokal san’ati (turlar bo‘yicha), cholg‘u ijrochiligi (turlari bo‘yicha), rangtasvir (turlar bo‘yicha), amaliy san’at (turlar bo‘yicha), sport faoliyati (kurash), jismoniy madaniyat ta’lim yo‘nalishlarida bo‘lib o‘tdi.
Abituriyentlarning imtihon o‘tkaziladigan binoga kirishidan imtihonlarni tugatib, binoni tark etguniga qadar bo‘lgan barcha jarayonlar karantin qoidalariga qat’iy amal qilingan holda tashkil etildi.
Imtihon jarayonlari to‘liq videokuzatuv ostida o‘tkazilib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri http://Imtihon.edu.uz va https://imtihon.tersu.uz/ manzilida onlayn namoyish etildi. Zarur bo‘lgan hollarda video yozuvlarni qayta ko‘rish mumkin.
Kasbiy-ijodiy imtihonlarda ishtirok etayotgan abituriyentlarning ota-onalari universitet hovlisiga o‘rnatilgan maxsus monitorlar orqali jarayonni bevosita kuzatish imkoniyatiga ega.
Kasbiy-ijodiy imtihonlarda mahalliy kengashlar deputatlari, jamoatchilik vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari va blogerlar kuzatuvchi sifatida ishtirok etmoqda.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA