Abdulla Oripov zamondoshlari xotirasida
Yangi kitob
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida O‘zbekiston Qahramoni, Xalq shoiri Abdulla Oripov tavalludiga bag‘ishlab chop etilgan kitoblar taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
«E’tirof» nomli she’riy bag‘ishlovlar majmuasi, «Abdulla Oripov zamondoshlari xotirasida» kitobi, shoirning ilk yozgan she’rlari asosida tayyorlangan.
«Shoirning tug‘ilishi» hamda rus tilidagi «Veter moyego kraya» (to‘plovchi va tarjimon O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Nikolay Ilin) nomli to‘plamlari she’riyat muxlislari uchun o‘ziga xos tuhfadir.
Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari G‘ayrat Majit 2021 yilda mamlakatimizda Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligi bayramona ruhda nishonlanganini ta’kidladi.
– Hazrat Navoiy bilan Abdulla Oripov she’riyatini taqqoslaganda ajib uyg‘unlikka duch kelamiz, – dedi adabiyotshunos olim Nurboy Jabborov. – Ijodda betakrorlik, adabiyotni yangi bosqichga ko‘tarish, o‘zigagina xos bo‘lgan ijod yo‘liga ega bo‘lish bunga yaqqol misoldir.
O‘zbekiston Qahramoni, Xalq shoiri Abdulla Oripov tavalludining 80 yillik yubileyi munosabati bilan ko‘plab she’rlari xorijiy tillarga tarjima qilinib, kitoblari nashr etildi.
Uyushma axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, yangi nashr etilgan «E’tirof» kitobidan shoirning jondan sevgan ona xalqi, she’riyat shaydolari, muxlisu shogirdlari, taniqli shoir do‘stlari tomonidan yozilgan she’riy ehtiromlar o‘rin olgan.
To‘plam «Adabiyot» nashriyotida 1000 nusxada chop etilgan. Mas’ul muharrir Farog‘at Xudoyqulova, to‘plovchilar – Hanifa Mustafo qizi, Ruxsora Oripova.
«Shoirning tug‘ilishi» nomli kitobga kiritilgan she’rlar shoirning «e’lon qilinmagan she’rlar» turkumidan jamlangan. Unga ayrim she’rlarning qo‘lyozmalari ham joylashtirilgan.
She’rlar muallifning asosan 1957-1965 yillar orasidagi ilk ijod namunasidir. Kitob nomini ham Abdulla Oripovning o‘zi qo‘ygan.
Mas’ul muharrir – O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid. To‘plovchilar – Hanifa Mustafo qizi, Ruxsora Oripova. Ilk marotaba o‘quvchilarga havola etilayotgan ushbu kitobda shoirning asosan o‘smirlik chog‘lari, talabalik davri – o‘n yetti, o‘n sakkiz, o‘n to‘qqiz, yigirma yoshlarda yozgan, shuningdek, umrning boshqa fasl pallalarida yozilgan qo‘lyozmalari o‘rin olgan.
Shu qatorda «Abdulla Oripov zamondoshlari xotirasida» kitobi ham nashrga tayyorlandi. Ushbu kitob davlatimiz rahbarining «O‘zbekiston Qahramoni va xalq shoiri Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida»gi qarori asosida tayyorlandi. Kitob bir necha qismlardan iborat bo‘lib, birinchi qismda asosan hayotligida yozilgan maqolalar, tadqiqotlar, kuzatishlar o‘rin olgan.
Shuningdek, shoirga atab bitilgan she’rlar, vafotidan keyin yozilgan marsiyalar, yodnomalar berilgan. Oxirgi qism shoir hayotligida va 2016 yil 5 noyabrdan keyin yozilgan xotiralar, esselar va maqolalardan tashkil topgan. Kitob «G‘afur G‘ulom» nashriyotida 1000 nusxada chop etilgan.
Tadbirda Abdulla Oripov she’rlarining rus tilidagi tarjimasi «Veter moyego kraya» kitobi shoir va tarjimon Nikolay Ilin tomonidan taqdim etildi.
N.Usmonova, O‘zA