Abdulla Oripov Abdulla Qodiriy haqida
Abdulla Oripov, O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri
QODIRIY
Sizga yuz ming jannat bo‘lgaydir ravo,
Balki bundan ko‘pin bergaydir Xudo.
Shuncha yil do‘zaxi kimsalar bilan
Chidab yashadingiz, Qodiriy bobo!
2008 yil 24 sentyabr
* * *
ABDULLA QODIRIYNING SO‘NGGI SABOG‘I
Biringiz Otabek, biringiz Kumush,
Doim yashnab tursin sevgingiz bog‘i.
Haqiqiy muhabbat bilmasin so‘lish,
Ustoz Kodiriyning bu ilk sabog‘i.
Adib yuragida alamlar qat-qat,
Lekin bittasi bor, o‘chmasdir dog‘i:
Jonni tik ozodlik yo‘lida faqat,
Bu esa ustozning so‘nggi sabog‘i.
1994 yil
* * *
....Sarg‘aygan sahfalar aro boqib tek,
Qodiriy qabrini so‘rar Otabek.....
(Abdulla Oripovning "Malomat toshlari" she’ridan)
* * *
ISM HAQIDA
Xayolimga kelar goh g‘alat bir gap,
Gar uni el aro so‘ylab yurmasman.
Bilmadim ne bois, bilmam ne sabab,
Ismimni birovga ravo ko‘rmasman.
Ulug‘ otdoshlarim maqomi yuksak,
Men shogird erurman garchand alarga.
Har nechuk, bir gapni aytmog‘im kerak:
Oson bo‘lmagan hech Abdullalarga.
1987 yil