Abadiyatga muhrlangan xotiralar (+video)
Qatag‘on siyosati eng yuqori cho‘qqisiga chiqqan davr 1937–1938 yillarga to‘g‘ri keladi. Shu yillar mobaynida 1 million 300 ming kishi “aksilinqilobiy faoliyat” ayblovi bo‘yicha hibsga olingan. Hibsga olinganlarning yarmi o‘lim jazosiga hukm etilgan. Qatag‘onlar aholining deyarli barcha tabaqasi vakillarini qamrab olgan edi.
Jizzaxlik ziyolilardan biri Urdushbek Salimov ham qatag‘on siyosatining qurboni bo‘lgandi.
– Marhum tog‘am Urdushbek Salimov 1897 yili Jizzax shahrida obro‘li, ilmparvar oilada tug‘ilgan, – deya xotirlaydi uning jiyani Urdushbek To‘rayev. – O‘sha davr maktabini bitirgandan so‘ng Samarqand shahridagi texnikum yoki oliygohda, anig‘ini bilmayman, tahsil olgan. O‘sha yerda prokuraturada ishlagan. Samarqand viloyati prokurori darajasiga ko‘tarilgan. Keyinchalik poytaxt Toshkentga chaqirilib, o‘sha yerda prokuratura sohasida xizmatini davom ettirgan. O‘sha davrdagi davlat rahbarlari bilim va tajribasini hisobga olib, tog‘amizni Moskvaga o‘qishga jo‘natishgan. U o‘qishi yakuniga yetgach, Moskvada ishda qoladi. Bilim darajasi, o‘z kasbining fidoiysi ekanligi hisobga olinib, general- leytenant unvonigacha ko‘tarilgan.
1937 yili qatag‘onning ayni avjiga chiqqan yillari “uchtalik” xat keladi va u hech bir asossiz hibsga olinib, Rossiya Federatsiyasining Magand viloyati qamoqxonasiga jo‘natiladi. 1937 yili qamalganidan so‘ng oradan 11 yil o‘tib, 1958 yili oqlanadi. Ammo tog‘am Urdushbek Salimov ona vataniga qaytmaydi. Undan keyingi taqdiri bizga noma’lum.
Ushbu lavhada biz jizzaxlik qatag‘on qurboni bo‘lgan Urdushbek Salimovning nomini tilga oldik va qisqagina bo‘lsa-da, u kishi haqida ba’zi ma’lumotlarni e’tiboringizga havola qildik. Ularning aybi hurlik, ozodlik, milliy mustaqillikka erishishni orzu qilgani bo‘ldi. Zotan, mana shunday qatag‘on qurbonlari xalqimizning chinakam qahramonlari edi. Ularning xotiralari abadiyatga manguga muhrlangandir.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/F4InzTAM7Rg" title="Abadiyatga muhrlangan xotiralar" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>A.Qayumov (video), O‘zA muxbiri