Abadiy do‘stligimizning amaliy ifodasi
Joriy yilning 18-22 iyul kunlari mamlakatimizda «Qirg‘iziston madaniyati kunlari» bo‘lib o‘tadi.
O‘zbek va qirg‘iz xalqlarining tili, an’ana va urf-odatlaridagi mushtaraklik xalqlarimiz o‘rtasidagi birodarlik, do‘stlik, qardoshlik rishtalarini mustahkamlashda alohida ahamiyat kasb etmoqda. Oxirgi yetti-sakkiz yillar davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan dunyo mamlakatlari, ayniqsa, turkiy tilli davlatlar bilan aloqalar yangicha taraqqiyot bosqichiga chiqdi.
Ikki qardosh xalq davlat rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli davlatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar samimiyat, o‘zaro ishonch, qardoshlik, yaxshi qo‘shnichilik tamoyillari asosida yangicha rivojlanish bosqichiga kirdi.

Ikki davlatning kinematografiya, teatr, rassomlik va amaliy san’at, fotografiya, ommaviy axborot vositalari, adabiyot sohalari vakillari mamlakatlarimizda bo‘lib o‘tayotgan turli festivallar, ko‘rgazma va biyennalelar, tanlovlar, ijodiy loyihalarda, adabiy anjuman va forumlarda muvaffaqiyatli ishtirok etish imkoniga ega bo‘ldi.
Mamlakatimizda besh kun bo‘lib o‘tadigan «Qirg‘iziston madaniyati kunlari» qamrovining kengligi, tadbirlarning rang-barangligi bilan ahamiyatlidir. Salkam bir hafta davomida o‘zbek-qirg‘iz san’at ustalari ishtirokidagi konsert dasturlari, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida ikki qardosh yurt ijod ahlining uchrashuvi, Madaniyat vazirligida rasmiy muloqot o‘tkaziladi. Shuningdek, «Qirg‘iz kino kunlari»ning ochilishi, poytaxtimizdagi «Moviy gumbazlar» xiyobonida esa «Qirg‘iz ovuli» nomli ko‘rgazma va konsert bo‘lib o‘tadi.

Madaniyat kunlari doirasida O‘zbekiston davlat konservatoriyasida shuningdek, atoqli qirg‘iz kompozitori, pedagog va musiqachi, Qirg‘iziston xalq artisti, qardosh yurtning K.Moldobasanov nomidagi Milliy konservatoriyasi rektori Muratbek Begaliyev ijodiga bag‘ishlangan konsert bo‘lib o‘tadi.
Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatrida «Somonchining yo‘li» nomli spektakl o‘zbek tomoshabinlari e’tiboriga havola etiladi.
«Qirg‘iziston madaniyati kunlari» Buxoroda ham bo‘lib o‘tadi. Buxoro viloyati «Yoshlar markazi»da konsertlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Aytish joizki, madaniyat kunlari do‘stlik, birodarlik, do‘stlik, ahillik bayrami sifatida ham keng nishonlanadi. Qardosh yurt san’atkorlari poytaxtimizdagi diqqatga sazovor maskanlar – Hazrati Imom majmuasi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Amaliy san’at va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyi, Buxorodagi tarixiy maskanlar bilan tanishish, yangilanayotgan Vatanimizdagi tub ijobiy o‘zgarishlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rish imkoniyatiga ham ega bo‘ladi. Bu kabi madaniy-ma’rifiy tadbirlar ikki qardosh xalq o‘rtasidagi do‘stlikning abadiy va bardavom ekanining yorqin hayotiy dalilidir.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri