A Pro-liga: “Sho‘rtan” raqobatdan xoli...mi?!
A Pro-liganing 6-tur o‘yinlaridan keyin G‘uzorning “Sho‘rtan” klubi ta’qibchilaridan sezilarli farq bilan ilgarilab ketdi. Endilikda g‘uzorliklar o‘z ta’qibchilaridan 6 ochkoga o‘zib ketishgan.
A Pro-liganing 6-tur o‘yinlaridan keyin G‘uzorning “Sho‘rtan” klubi ta’qibchilaridan sezilarli farq bilan ilgarilab ketdi. Endilikda g‘uzorliklar o‘z ta’qibchilaridan 6 ochkoga o‘zib ketishgan.
6-turda ular o‘z maydonida “Xorazm” jamoasini qabul qildi. Bir muddat avval hattoki peshqadamlikni qo‘lga olgan urganchliklarning so‘nggi turlarda ishlari yurishmayapti. Bu holat “Sho‘rtan” bilan o‘yinda ham kuzatildi, uchrashuvda tajribali Samandar Shodmonov tomonidan kiritilgan yagona gol g‘uzorliklarning g‘alabasini ta’minladi.
Dramatik o‘yinlardan biri poytaxtda “Oqtepa” hamda “Istiqlol” jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvning 90+3-daqiqasida Anvar Hojimirzaev mehmonlarni hisobda oldinga olib chiqqach, aftidan o‘yin taqdiri hal bo‘lgandek edi. Ammo keyingi daqiqada maydon egalari hisobni tenglashtirdi va “Istiqlol”ning sof 2-o‘ringa ko‘tarilib olishiga to‘sqinlik qildi.
“Iftixor” – “Mash’al” bahsida ham kurash eng oxirigacha davom etdi. Uchrashuvning 82-daqiqasida To‘raqulov mezbonlarni hisobda oldinga olib chiqqandi. Lekin, hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarda M.Meliev muborakliklarni muqarrar mag‘lubiyatdan qutqarishga erishdi, yakuniy natija 2:2.
Nihoyat Farg‘onaning “Neftchi” jamoasi o‘z maydonida Samarqandning “Sherdor” klubi ustidan qiyinchilik bilan g‘alabaga erishdi. Bu yerda ham o‘yin taqdiri hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarda hal bo‘ldi, 90+5-daqiqada Davronbek Isoqov farg‘onaliklarga g‘alabani taqdim etdi.
6-turdan so‘ng A Pro-ligada “Sho‘rtan” peshqadamlik qilmoqda, ular hisobida 15 ochko bor. “Neftchi”, “Istiqlol” va “Mash’al” jamoalari 9 ochkodan jamg‘arishgan. Jadvalning so‘nggi pog‘onalarini 6 ochkoga ega “Sherdor” hamda 4 ochko jamg‘argan “Iftixor” jamoalari band etishgan.