9 oktyabr – Butunjahon pochta kuni
Butun dunyoda eng birinchi pochta xizmatini kabutarlar bajargan. Ular asosan podshohlarning xabarlarini bir mamlakatdan ikkinchi mamlakatga yetkazgan. Garchand kabutarlar parranda bo‘lsa-da, o‘z “xizmat” vazifalarini a’lo darajada uddalagan. Buning uchun ular maxsus tayyorgarlik mashqlaridan o‘tgan. Tarixiy asarlarda ham, zamonaviy kitoblarda ham ularning beqiyos xizmatlari haqida ko‘pgina ma’lumotlar bor.
Texnikaning jadallik bilan o‘sishi kabutarlarga ish qoldirmadi. Keyinroq bu xizmatni velosiped, poyezd, samolyotlardagi pochtalonlar bajargan bo‘lsa, bugunga kelib pochta xizmati raqamli texnologiyalarga o‘tdi.
Pochta tizimi insonlar o‘rtasidagi ishonchli aloqa vositasi, xat-savod, jo‘natmalar va xizmatlarning sifatli yetkazilishini ta’minlovchi muhim sohaga aylandi.

Ushbu soha vakillarining mehnatlarini e’tirof etish maqsadida “Butunjahon pochta kuni” butun dunyoda nishonlanadigan bo‘ldi.
1874 yil 9 oktyabr kuni Shveysariyaning Bern shahrida Butunjahon pochta ittifoqi tashkil topgan va har yili ushbu sanada Butunjahon pochta kuni nishonlanadi.
Butunjahon pochta kuni deb e’lon qilish haqida 1969 yili Tokio shahrida bo‘lib o‘tgan Butunjahon pochta ittifoqining navbatdagi Kongressida rasman qaror qabul qilingan.
Bu kunni bayram sifatida nishonlashdan maqsad pochta sohasini davlatlar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga qo‘shayotgan hissasini tatbiq etishdir.
1994 yil O‘zbekiston Butunjahon pochta ittifoqiga to‘la huquqli a’zo davlat sifatida qabul qilinib, bugungi kunda dunyoning deyarli barcha davlatlari bilan xalqaro pochta almashinuvlarini amalga oshirib keladi.
N.Rahmonova, O‘zA