75 ta bir mandatli saylov okruglari tuzildi
Bugun Markaziy saylov komissiyasining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazish bilan bog‘liq tashkiliy masalalarga bag‘ishlangan majlisi bo‘lib o‘tdi.
Majlisda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazish uchun 75 ta bir mandatli saylov okruglarini tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Qayd etilganidek, bir mandatli saylov okruglari har bir ma’muriy-hududiy birlik doirasida ulardagi saylovchilar sonidan kelib chiqqan holda tuzildi. Saylov okruglarini tuzish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining taqdimnomalari hamda Markaziy saylov komissiyasining qarorlari “E-Saylov” axborot tizimi orqali qabul qilindi.
Shuningdek, majlisda siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganini tekshiruvchi ekspert guruhlarini tuzish to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi.

Saylov kodeksining 39-moddasiga ko‘ra, Markaziy saylov komissiyasi imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganini tekshiruvchi Ekspert guruhini tuzishi, Ekspert guruhi tarkibiga ichki ishlar va adliya organlarining mutaxassislari, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari jalb etilishi mumkinligi belgilangan.
Shunga ko‘ra, Markaziy saylov komissiya tomonidan imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganini tekshiruvchi 3 ta ekspert guruhlari tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA