735 qarzdordan 2,8 milliard so‘m aliment puli undirildi
Majburiy ijro byurosi Toshkent shahar boshqarmasi va hududiy bo‘limlarida 24 ming 224 ta aliment undiruvi bilan bog‘liq ijro hujjati ish yurituvida bo‘lsa, shundan 12 mingdan ziyodi aliment pullarini o‘z vaqtida to‘lamayotgan, majburiy ijro choralari qo‘llanilsagina to‘layotgan qarzdorlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Bu qarzdorlar vaqtincha ishsiz bo‘lib, voyaga yetmagan farzandlarini moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlab kelmoqda. Shundan 135 nafar qarzdor qidiruvga berilib, 14 nafari topilgan, qolgan qarzdorlarni topish choralari ko‘rilmoqda.
Joriy yilning 17 noyabr kunidan boshlangan aliment undiruvlarini jadallashtirish tadbirlari tahliliga ko‘ra, 9 dekabr kuniga qadar hududiy bo‘limlar tomonidan 108 ta ajrimda bo‘lgan oila tiklanishiga hissa qo‘shildi.
Qidiruvdagi 135 qarzdor (yashash joyi o‘zgargan, chet el davlatlarida yashayotgan) lardan 14 tasi qisqa muddat ichida aniqlanib, tuman bo‘limlariga hudud profilaktika inspektorlari tomonidan yetkazilib, aliment qarzdorliklarini undirish choralari ko‘rilmoqda.
Vaqtincha ishsiz, aniq ish joyiga ega bo‘lmagan qarzdorlarni ish bilan ta’minlash maqsadida Toshkent shahar bandlik bosh boshqarmasi bilan hamkorlikda Mehnat yarmarkalari tashkil qilinmoqda. Ishsiz qarzdorlarga ish taklif qilinib, ishga joylashtirish choralari ko‘rilmoqda. Natijada qarzdor otalarning voyaga yetmagan farzandlari moddiy ta’minotini o‘z vaqtida to‘lab borishiga zamin yaratilyapti.
Joriy yilning 17 noyabridan 9 dekabr kuniga qadar 735 qarzdordan 2 milliard 833 million 194 ming 930 so‘m aliment qarzdorligi undirib berilgan. Shundan 6 nafar alimentchi ota oldindan 5 yillik aliment pullarini to‘lab bergan.
O‘zA