717 metr chuqurlikdagi zahmat (+video)
“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJning Markaziy kon boshqarmasi “Muruntov” shaxtasi o‘z faoliyatini 1971 yil 16 martda Stvol 1-1 da birinchi burg‘ulash-portlatish ishlari bilan boshlagan. Yillar davomida “Muruntov” koni tubidagi yer osti suvlarini qochirish, foydali qazilmalarni qazib olish, yer osti geologiya-qidiruv ishlarini olib borish kabi vazifalarni bajarib kelayotgan shaxtyorlar har bir ish kunini g‘ayrat bilan boshlashga odatlanganlar.
Albatta, yer ostida ishlash, tor yo‘lakchalar va havo tanqisligi sharoitida mineral toshlarni maydalash – bu har kim ham bajara oladigan ish emas. Shaxtada ishlaydigan kishi jismonan va ruhan sog‘lom, shuningdek, irodali, bilim va matonat egasi bo‘lmog‘i lozim. “Muruntov” shaxtasida ahillik bilan mehnat qilayotgan, kon ishida muhim ahamiyat kasb etuvchi elektr ta’mirlovchilar, kon ishchilari, shuningdek, lahm ochuvchilar, texnikalarga xizmat ko‘rsatuvchilar, mashinistlar tanlagan kasblari og‘ir bo‘lishiga qaramay, shu sohada ishlayotganidan faxrlanishadi.
Bugungi kunda “Muruntov”da shaxtyorlar 717 metr chuqurlikda belgilangan talablar asosida, maxsus texnik jihozlar yordamida mehnat qilishmoqda.
[gallery-21301]
- Shaxtyorlarning mehnat va dam olish sharoitlarini yaxshilash masalasi doimo rahbariyat e’tiborida, - deydi “Muruntov” shaxtasi boshlig‘i G‘ulom Tursunov. - Konchilik, shaxta ichki transporti, mexanik ta’mirlash va changni shamollatish kabi uchastkalarni o‘z ichiga olgan “Muruntov” shaxtasining 300 nafardan ortiq matonatli muhandis-texnik xodimlari, shaxtyorlarning zahmatli mehnati natijasida hozirgi kunga qadar 161,8 km kon lahmlari o‘tildi, 1,44 million metr kub tog‘ jinslari chiqarildi. Istiqbolda esa 225 metr sathni ochish, stvollarni chuqurlashtirish hamda foydali qazilmalarni yer osti usuli bilan qazib olish rejalashtirilgan.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/R3FdxFe8lig" title="717 metr chuqurlikdagi zahmat" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Siroj ASLONOV (surat, video), O‘zA