70 yoshli Rima Sobirova tanlov gʻolibi boʻldi
Jizzax viloyatida Oʻzbekiston liberal demokratik partiyasi qoshidagi “Ayollar qanoti” guruhining anʼanaviy loyihalaridan biri “Ishbilarmon ayol” koʻrik-tanlovining tumanlar bosqichi boʻlib oʻtmoqda.
Jizzax viloyatida Oʻzbekiston liberal demokratik partiyasi qoshidagi “Ayollar qanoti” guruhining anʼanaviy loyihalaridan biri “Ishbilarmon ayol” koʻrik-tanlovining tumanlar bosqichi boʻlib oʻtmoqda.
Koʻrik-tanlovning Paxtakor tumani bosqichida 70 yoshni qarshilayotgan fermer Rima Sobirova gʻolib boʻlib, viloyat bosqichiga yoʻllanma oldi.
Rima opa tumandagi “Oqbuloq” koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligi rahbari. Opa rahbarligida jamoa qishloq xoʻjalik mahsulotlari yetishtirishda har yili yuqori natijalarga erishayotir.
Jamoa bu yil ham 31 gektar maydondagi gʻalla, 25 gektar maydondagi paxtadan yuqori hosil yetishtirdi. Xoʻjalikda baliqchilik, issiqxona va chorvachilik ham yaxshi daromad berayotir. Qoʻshimcha tarmoqlarning yoʻlga qoʻyilishi natijasida 10 kishi doimiy, 30 kishi mavsumiy ish bilan taʼminlangan.
– Mamlakatimizda ayollar oʻrtasida tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlardan mamnunmiz, – deydi Rima opa. – Koʻrik-tanlov davomida tumandagi boshqa tadbirkor, fermer ayollarning yutuq va muvaffaqiyatlari bilan tanishdik, tajriba almashdik. Hozirgi yosh tadbirkorlarning faoliyatida ham oʻrganadigan jihatlar koʻp.
Rima opadagi koʻpni koʻrgan kayvonilik, yoshlarga xos gʻayrat-shijoat tadbirkorlik faoliyatini boshlayotgan yoshlar havas qilsa arzirlidir. Zotan, “Ishbilarmon ayol” tanlovidan oʻtkazishdan koʻzlangan maqsad ham shu – yoshlarda tadbirkorlikka havas oʻygʻotish.