50 nafar bolaning sunnat to‘yi o‘tkazildi
Sirdaryo viloyatining Guliston shahridagi “Shodlik” mahallasida Navro‘z bayrami munosabati bilan tashkil etilgan tadbir doirasida 50 nafar bolaning sunnat to‘yi o‘tkazilib, “Green Park” zamonaviy turar joy majmuasi foydalanishga topshirildi.
Tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari Faxriddin Qo‘shoqov, jamoatchilik vakillari, nuroniylar hamda yoshlar ishtirok etishdi. So‘zga chiqqanlar Navro‘zning insonparvarlik va yangilanish g‘oyalari, bunday tashabbuslarning jamiyatda mehr-oqibatni mustahkamlashdagi ahamiyatini ta’kidladilar.
Ayniqsa, tadbir doirasida 50 nafar bola uchun ommaviy tarzda tashkil etilgan sunnat to‘yi barchada chuqur taassurot qoldirdi. Shuningdek, “Beton sanoat” qurilish kompaniyasi tomonidan barpo etilgan, 270 ta xonadondan iborat “Green Park” turar joy majmuasining bir qismi o‘z egalariga topshirildi.

Loyihaning e’tiborli jihati — uy-joylarning qulay moliyaviy mexanizmlar, jumladan, muddatli to‘lov va davlat subsidiyalari asosida taqdim etilayotganidir. Bu, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlari uchun munosib turar joyga ega bo‘lish imkoniyatini kengaytirmoqda.
Kompaniya tomonidan ijtimoiy mas’uliyat doirasida amalga oshirilgan ishlar ham alohida e’tirof etildi. Xususan, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisiga zamonaviy ikki xonali uy, shuningdek, ikki nafar kam ta’minlangan oilaga bir va ikki xonali uylar beg‘araz taqdim etildi.
Tadbir yuqori saviyada tashkil etilib, milliy qo‘shiq va kuylar ijro etildi. Bu esa ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat ulashib, tadbirga bayramona ruh bag‘ishladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri