Matkarim – izlanuvchan yosh tadbirkor
Mamlakatimizda mahsulot ishlab chiqarish, xususan, oziq-ovqat sanoatini yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2011-yil 31-oktabrdagi “2012-2015-yillarda respublika oziq-ovqat sanoatini boshqarishni tashkil etishni yanada takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ushbu hujjat ijrosi doirasida Xorazm viloyatida amalga oshirilayotgan ishlarda yosh tadbirkorlarning hissasi salmoqli bo‘layotir.
– Tadbirkorlik rivoji uchun davlatimiz tomonidan yaratib berilayotgan sharoit va imkoniyatlardan yoshlarimiz samarali foydalanishga harakat qilmoqda, – deydi “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining Xorazm viloyati kengashi qoshidagi “Yosh tadbirkor” konsultativ markazi koordinatori Jamshid Allashukurov. – Bir necha yigit-qizlarimiz 2014-yilda o‘tkazilgan “Yosh tadbirkor – yurtga madadkor” ko‘rik-tanlovida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, imtiyozli kredit olish, o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish yoki rivojlantirishga muvaffaq bo‘ldi. Urganchlik Matkarim Matkarimovni bunga misol qilish mumkin.
– “Yosh tadbirkor – yurtga madadkor” respublika ko‘rik-tanlovi yuqori o‘rinlaridan birining sohibi sifatida "Ipotekabank"ning Urganch filialidan berilgan 12 million so‘mga shirinlik ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun zamonaviy pech va boshqa uskunalar sotib oldik, – deydi xususiy tadbirkor. – Buning natijasida ishimiz yanada rivojlandi. “Doda tort” savdo belgisi ostida bozorga chiqarayotgan mahsulotlarimiz turi ko‘paydi. O‘n nafarga yaqin tengdoshim doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi.
Ayni paytda tadbirkor xaridor ta’bi va bozordagi talabni o‘rganish, mahalliy xomashyodan yangi turdagi mahsulotlar tayyorlashning yangi retsept va usullarini o‘zlashtirish ustida ish olib bormoqda.