497 ming 138 ehtiyojmand oila "Temir daftar"dan chiqarildi
Mamlakatimizda aholining samarali mehnat qilishi, moddiy manfaatdorligini oshirish uchun munosib sharoit yaratib berish olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning tub mazmun-mohiyatini tashkil etadi. Zero, mehnatga layoqatli fuqarolarning bandligini ta’minlash aholining turmush farovonligini oshirish, hayot darajasini yuksaltirishning muhim omilidir.
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan Prezidentimizning 2021 yil 21 apreldagi “Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish, ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida, shuningdek, 2021 yilning 1-choragida aholi bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar haqida vazirlik bosh mutaxassisi Bunyod MAMATYUSUPOV O‘zA muxbiriga so‘zlab berdi.
– 2021-2022 yillarda davlat-xususiy sherikchilik asosida zamonaviy ko‘rinishda qayta qurish rejalashtirilgan 500 mahalla fuqarolar yig‘ini binolarining 2- va 3-qavatlarida kichik ishlab chiqarish, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish, ishsiz xotin-qizlar va yoshlarni kasb-hunarga o‘qitish markazlarini tashkil etish choralari ko‘rilmoqda, – dedi B.Mamatyusupov. – Shuningdek, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan hamkorlikda 97 ming 751 nafar fuqaroning bandligini ta’minlashga ko‘maklashildi. Ularning 11 ming 643 nafari haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilindi, 38 ming 337 nafarining esa o‘zini o‘zi band qilishiga ko‘maklashildi.
“Mahallalarda milliy qadriyatlarni mustahkamlash haftaligi” doirasida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan hamkorlikda 307 ta bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi o‘tkazilib, 3 ming nafardan ziyod fuqarolarning bandligi ta’minlandi. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bilan hamkorlikda 26 ming 905 nafar mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan fuqarodan 12 ming 698 nafarining bandligini ta’minlashga ko‘maklashildi.
Shu o‘rinda aytish joiz, bandlik masalasi juda og‘riqli masala, uni hal etish uchun, eng avvalo, aholining ko‘proq qismida “Menga davlat yordam bersin”, degan boqimandalik kayfiyatini yo‘qotish zarur. Tahlillar shuni ko‘rsatyaptiki, yurtimizda demografik vaziyat sog‘lom bo‘lib, aholi hamda iqtisodiyot bir-biriga mutanosib o‘smoqda. Agar tug‘ilish ko‘rsatkichlari 2030 yilgacha hozirgi sur’atda saqlanib qolsa, mehnat bozoriga har yili 710-720 ming nafar yigit-qiz kirib keladi. O‘z navbatida, 230-240 ming kishi pensiya yoshiga yetadi. Shu ma’noda, yigit-qizlarni ishga jalb qilish chora-tadbirlarini hozirdanoq ko‘rish dolzarb ahamiyatga ega.
Shu boisdan mamlakatimizda aholi bandligini ta’minlashga katta e’tibor qaratilmoqda. Xususan, vazirligimiz tomonidan “Har bir oila — tadbirkor” dasturi doirasida 19 ming 581 nafar fuqaroga imtiyozli kredit olishda yordam ko‘rsatildi. Shuningdek, 14 ming 983 nafar fuqaroning hunarmandchilik, 9 ming 879 nafarining esa kasanachilik bilan shug‘ullanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berildi. Qolaversa, 16 ming 230 nafar fuqaro ”Usta-shogird” an’analari bo‘yicha usta-hunarmandlarga shogirdlikka biriktirildi. Mana shu istakdagi 4 ming 43 nafar fuqaroga subsidiya ajratilishida ko‘maklashdik.
bugungi kunda 22 mingdan ortiq fuqarolar o‘quv kurslarida o‘qitilib, ulardan 8 ming 181 nafarining bandligini ta’minlashga erishildi. Ularning 6 ming 157 nafari mahalla aholisini kasb-hunarga o‘qitish maskanlari hissasiga to‘g‘ri keladi.
Eng muhimi, 497 ming 138 ta ehtiyojmand oila "Temir daftar"dan chiqarildi. Joriy yilning yanvar-aprel oylarida xorijdan qaytib kelgan 37 ming 658 nafar mehnat muhojiri va ularning oila a’zolariga huquqiy, ijtimoiy, psixologik, tibbiy xizmatlar ko‘rsatildi. Bundan tashqari, xotin-qizlar bandligini ta’minlash hamda ularga zarur boshqa yordamlar ko‘rsatishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.
Ma’lumki, bugungi kunda mamlakatimizda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan har bir mahallada “Ayollar daftari” yuritilmoqda. Bu borada Kasaba uyushmalari federatsiyasi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi hamda boshqa mutasaddi idoralar, banklar va hokimliklar bilan o‘rganishlar davomida ijtimoiy ahvoli va turmush sharoiti og‘ir, ishsiz va ijtimoiy faol bo‘lmagan 432 mingdan ziyod xotin-qizlar 9 ta mezon bo‘yicha “Ayollar daftari”ga kiritildi.
Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 8 yanvardagi qarori bilan “Xotin-qizlar muammolarini “Ayollar daftari”ni yuritish orqali tizimli ravishda hal etish va ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha vaqtinchalik tartib” tasdiqlandi. Bundan tashqari, respublikamizdagi xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb qilish va bandligini ta’minlashga ko‘maklashish maqsadida Xalq banki tizimida xotin-qizlar bo‘yicha o‘rinbosar lavozimlari joriy etildi. Hududiy xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari tomonidan 17 ming 979 nafar ayollar tikuvchilik, pazandachilik, tadbirkorlik ko‘nikmalari kabi yo‘nalishlar bo‘yicha o‘quv kurslarida bepul o‘qitildi.
Xonadonma-xonadon yurib o‘rganishlar jarayonida ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan va vaqtincha ishsiz, boquvchisi yo‘q, uy-joyga muhtoj, bandligini ta’minlash zarur bo‘lgan 3-guruh nogironligi bor xotin-qizlar muhtojlik darajasining dolzarbligidan kelib chiqib, ko‘mak ko‘rsatilishi zarur bo‘lgan toifadagi ayollar sifatida belgilab olindi. Shu bilan birga, muloqot o‘tkazilgan xotin-qizlar orasidan kasb-hunarga o‘qish xohishini bildirgan, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish uchun kredit olishga ko‘maklashishni so‘ragan, shuningdek, ijtimoiy yordamga muhtoj 2-guruh nogironlari, uy-joyini ta’mirlashga muhtoj 1-guruh nogironlari ham aniqlab olindi. Yolg‘iz ayollarning farzandlarini bog‘chalarga navbatdan tashqari qabul qilish tizimi qo‘lga qo‘yilib, farzandlarini navbatdan tashqari bog‘chalarga qabul qilishga ehtiyoji bor yolg‘iz ayollar va ularning 800 nafarga yaqin farzandlarining ro‘yxati mahallalar kesimida shakllantirildi.
bugungi mehnat bozorida mana shunday aniq maqsadga qaratilgan mazkur chora-tadbirlar aholi bandligini ta’minlash, real daromadlarini oshirishga qaratilgan. Zero, aholini ish bilan ta’minlash mamlakatimizda nafaqat iqtisodiy, balki katta ijtimoiy ahamiyatga ega dolzarb masala hisoblanadi. Uning o‘z vaqtida hal etilishidan barchamiz birdek mas’ulmiz.
O‘zA muxbiri Shahnoza MAMATUROPOVA yozib oldi.