41 mamlakat Hurmuzdagi vaziyatni muhokama qiladi
-
Buyuk Britaniya Yaqin Sharq mojarosi tugagandan keyin Hurmuz bo‘g‘ozidan xavfsiz foydalanish mavzusini muhokama qilish uchun 41 mamlakat harbiy mutaxassislarini birlashtirgan virtual konferensiya o‘tkazmoqchi. Bu haqda “Financial Times” nashri xabar tarqatgan.
Avvalroq 30 dan ziyod davlat Yaqin Sharqdagi mojaro payti kemalar Hurmuz bo‘g‘ozidan xavfsiz o‘tishini ta’minlashga hissa qo‘shish istagini bildirgan edi.
London shimolidagi Nortvud qo‘mondonlik markazida tashkil qilinadigan mazkur uchrashuvda Fransiya, Germaniya, Kanada, Yaponiya, Janubiy Koreya, Avstraliya, Birlashgan Arab Amirliklari ham ishtirok etadi.
Gazeta tomonlar ko‘zlayotgan asosiy maqsad NATOdan mustaqil ravishda faoliyat yuritadigan xalqaro koalitsiya tuzish uchun lozim bo‘ladigan “tegishli choralar”ni aniqlash ekaniga e’tibor qaratgan.
Avvalroq Prezident Donald Tramp NATOning Hurmuz bo‘g‘ozini ochishda AQSHga yordam berishdan bosh tortishi tuzilma obro‘siga jiddiy putur yetkazganini aytgandi.
Ma’lumki, mintaqada vaziyat keskinlashgach, Fors ko‘rfazi mamlakatlaridan jahon bozoriga neft va suyultirilgan tabiiy gaz yetkazib berish uchun asosiy yo‘nalish hisoblangan Hurmuz bo‘g‘ozi to‘sib qo‘yildi. Bu holat dunyo miqyosida neft eksporti va ishlab chiqarish jarayoniga sezilarli salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Bunga javoban Tramp Xitoy, Fransiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya kabi qudratli mamlakatlardan Hurmuzga kema yuborishni so‘ragan.
S.Rahimov, O‘zA