40 mingdan ortiq ish oʻrni tiklandi
Prezidentimiz 26-may kuni oʻtkazgan videoselektorda karantindan soʻng iqtisodiyotni tiklash muhim va kechiktirib boʻlmas vazifa boʻlib turganiga eʼtibor qaratdi.
Prezidentimiz 26-may kuni oʻtkazgan videoselektorda karantindan soʻng iqtisodiyotni tiklash muhim va kechiktirib boʻlmas vazifa boʻlib turganiga eʼtibor qaratdi. Jizzax viloyati davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati bu borada hudud iqtisodiy sektorida amalga oshirilayotgan ishlar, ayni paytdagi vaziyat haqida quyidagilarni xabar qildi.
Jizzax viloyatida faoliyat koʻrsatayotgan 10 ming 945 ta subyektning 6 ming 271 tasi yoki 57 foizi koronavirus pandemiyasi davrida oʻz faoliyatini toʻxtatgan edi. Respublika maxsus komissiyaning joriy yil 6-mayda oʻtkazilgan yigʻilishidan soʻng “yashil hudud”larda ayrim cheklovlarning olib tashlanishi natijasida tadbirkorlik subyektlaridan 5 ming 469 tasida karantin qoidalariga rioya etilgan holda faoliyat qayta yoʻlga qoʻyildi, deyiladi axborot xizmati xabarida.
Jumladan, sanoatda 1 ming 388 ta, qurilishda 483 ta, umumiy ovqatlanishda 221 ta, ulgurji va chakana savdoda 1 ming 327 ta, maishiy xizmatda 168 ta, transportda 161 ta, mehmonxona va turizmda 17 ta va boshqa sohalarda 1 ming 704 ta tadbirkorlik subyektining faoliyati qayta yoʻlga qoʻyilishi natijasida jami 43 ming 105 ta ish oʻrinlari tiklandi.
Ayniqsa, karantin tufayli toʻxtab qolgan yirik sanoat korxonalari qayta ish boshlashi bilan yuzlab oilalar yana doimiy daromadga ega boʻldi. Masalan, Arnasoy tumanidagi trikotaj mahsulotlari ishlab chiqaruvchi “Arnasoy gold tex” MCHJ faoliyatini tiklash natijasida 453 nafar, Jizzax shahridagi temir-beton buyumlari ishlab chiqaruvchi “Zenatkor temir-beton buyumlari“ MCHJning 84 nafar, qandolat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi “Bonu shirinliklari“ MCHJning 137 nafar, Zafarobod tumanidagi sement ishlab chiqarishga moʻljallangan “Xuaxin sement” MCHJda qurilish-pudrat ishlari jonlantirilishi natijasida 500 nafardan ziyod quruvchi, ishchi va texnik xodimlar mehnat faoliyatini davom ettirmoqda.
Ayni paytda 802 ta tadbirkorlik subyektining faoliyatini tiklash choralari koʻrilmoqda.
Shuningdek, avtomashinalarni yuvish shoxobchalari, ularga texnik xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar va ehtiyot qismlari sotish doʻkonlari, hunarmandchilik, maishiy jihozlarni taʼmirlash ustaxonalari, chakana nooziq-ovqat mahsulotlari savdo doʻkonlari faoliyatiga ruxsat berilishi, yoʻnalishsiz taksilar, oziq-ovqat doʻkonlari, tijorat banklarining shoxobchalari, sartaroshxona va goʻzallik salonlarining ish boshlagani ham iqtisodiyotni, odamlar turmushini tezroq izga tushirishga muhim ulush boʻlib qoʻshilmoqda.
Faoliyati tiklangan har bir subyektning karantin qoidalariga qatʼiy amalga qilgan holda ishlash reglamenti mavjud. Epidemiologik xavfsizlikni taʼminlash maqsadida har bir korxona qatʼiy nazoratga olingan.
Bugungi ogʻir sinov kunlarida yana bir oddiy haqiqatni barcha sohada karantin talablariga qatʼiy rioya qilish har birimizning, yaqinlarimizning sogʻligi va butun jamiyatimizning tinch hayoti uchun nechogʻli muhim ekanligini tobora koʻproq odamlar anglab yetayotir.