35 ta tomorqa xizmati klasteri tashkil etiladi
Prezidentimiz raisligida qishloq xo‘jaligi yerlarini ijaraga berish, meva-sabzavotchilik klasterlari hamda tomorqa xo‘jaliklari faoliyatini yanada rivojlantirish borasidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.
Yig‘ilishda qayd etilganidek, 500 ming gektardan ziyod tomorqalardan samarali foydalanish uchun kelgusi yil 100 million dollar ajratiladi.
Tomorqada dehqonchilikni yo‘lga qo‘yish uchun oilaviy tadbirkorlik dasturi shartlari asosida imtiyozli kreditlar beriladi.
Samarali faoliyat yuritayotgan tomorqa xizmati korxonalari negizida 35 ta tomorqa xizmati klasteri tashkil etiladi.
Ularda ko‘chatchilik issiqxonasi, kichik texnika parki, sovutkichli omborxona, quritish, saralash va qadoqlash sexi, inkubator, yem ishlab chiqarish kabi xizmatlar jamlanadi.
Masalan, Sharof Rashidov tumani “Gulchi opa tomorqa xizmati” rahbari Sharofat Noriyeva 150 ta xonadonga gul ko‘chati, tovuq, qoramol va echki tarqatib, tayyor mahsulotni sotib olishni yo‘lga qo‘ygan. Natijada har bir tomorqa egasi 300 million so‘mgacha daromad olgan.
Tomorqada yetishtirilgan mahsulotlarni kafolatli xarid qilish maqsadida har bir tumanda kooperatsiyalar tashkil etiladi. Ularga omborxonalarni jihozlash, quritish, saralash va qadoqlash uskunalari xarid qilish uchun 30 foizgacha subsidiya beriladi.
Tomorqa xizmati korxonalariga urug‘lik, ko‘chat, mini texnika xarid qilishi hamda aylanma mablag‘ uchun, hokim yordamchilari kafilligi asosida 300 million so‘mgacha garovsiz kredit beriladi.
Suv ta’minoti og‘ir tomorqa yerlari va foydalanishdan chiqqan maydonlarni sug‘orish xarajatlarining bir qismini byudjetdan qoplash tartibi 2026 yil 1 yanvarga qadar uzaytiriladi.
O‘zA