329 medal jamlanmasida kimning qancha “haqi” bor?
Olimpiada-2020
Sanoqli kunlardan so‘ng Yaponiyaning Tokio shahrida uzoq kutilgan navbatdagi XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlariga start beriladi.
Bugunga kelib to‘rt yillikning nufuzli sport anjumanida qaysi mamlakatdan qancha sportchi ishtirok etishi bo‘yicha ma’lumotlar deyarli to‘liq shakllantirilib bo‘lindi. Lekin hozirdan kunchiqar yurt sport maydonlarida falon davlatdan shuncha sportchi ko‘rinish beradi, deb qat’iy xulosa berishga biroz vaqt bor. Boisi, hali koronavirus uchun topshiriladigan testlar, musobaqa oldi mashg‘ulotlardagi jarohatlar belgilangan sonlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi ehtimoldan yiroq emas. Lekin nima bo‘lganda ham 329 ta medal jamlanmasi uchun kimlar qancha sportchi bilan nechta sport yo‘nalishida kurash olib borishi mumkinligi aniq.
Xabaringiz bor, mamlakatimiz vakillari olimpiya o‘yinlarida 17 ta sport turi bo‘yicha 71 nafar sportchi bilan Yaponiya olimpiadasiga tashrif buyurishi kutilmoqda. Agar boshqa davlat delegatsiyalari bilan solishtirganda, O‘zbekiston Tokio olimpiadasi ishtirokchilari reytingida kuchli 25 talikdan joy egallagan.
Albatta, olimpiadaning umumiy shiori “asosiysi g‘alaba emas, ishtirokdir” tamoyiliga tayanilsa, bu bir qaraganda ijobiy natija. Ammo dunyo sportining “gigant”lari bo‘lgan AQSH, Avstraliya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Rossiya va mezbon Yaponiya kabi davlatlarning 600 nafardan 300 nafargacha bo‘lgan sportchilari bilan olimpiya maydonida saflanishini e’tiborga olsak, bu qaysidir jihatdan uyushgan chavandozlarning katta poygaga kirishayotgandek tasavvur uyg‘otadi.
Shukrki, olimpiadaning bu marafonida O‘zbekiston ham o‘zining sobit va salohiyatli sport “qo‘shini" bilan safdan joy olganki, qaysidir yo‘nalishlarda yetakchi, qaysidir yo‘nalishlarda tajriba bobida boshqalarga salobat bosib turishimiz shubhasiz. Birgina o‘zbek sportining iftixori Oksana Chusavitinaning Tokio gimnastika gilamlarida ko‘rinish berishi 32-olimpiadaning o‘ziga xos bezagi bo‘lib tarix zarvarag‘idan joy olmoqda. Shuningdek, boks, dzyudo, erkin kurash, og‘ir atletika bahslariga kuchli jamoalar qatorida yapon diyoriga tashrif buyurishimiz ham olimp bellashuvlarining nufuzi oshishiga xizmat qilmoqda. Bundan tashqari, o‘zbek sporti bu galgi olimpiya o‘yinlariga yosh va mahoratli qilichbozlar, zamonaviy beshkurashchilar, taekvondochilar, gimnastikachilar, bokschi qizlarning yangi jamoasini qo‘shganligi bilan ham asrlar davomida tinchlik, do‘stlik, halollik va o‘zaro birdamlik kabi umumbashariy g‘oyalarni targ‘ib etib kelayotgan Olimpizm tafakkurida O‘zbekistonning o‘z o‘rni borligini ko‘rsatmoqda.
Xorijiy axborot vositalarida keltirilishicha, AQSH 610, Yaponiya 500, Xitoy 310, Avstraliya 440, Fransiya 390, rossiyaliklar 335, Janubiy Koreya 200, ukrainlar 150, Hindiston 100, qozog‘istonliklar 95, ozarbayjonlar 55, Gruziya 35, Qirg‘iziston 17, Qatar 15, Afg‘oniston 4 nafardan oshiq sportchilar bilan Yaponiya maydonlarida olimpiya medallari uchun kurash olib borishi kutilmoqda. Albatta, bu ro‘yxatni yana davom ettirish mumkin. Lekin yuqorida nomlari keltirilgan davlatlarning joylashuviga binoan olimpiya yo‘llanmalarining taqsimoti ham so‘zsiz ishtirokchilar soniga o‘z ta’sirini ko‘rsatganligi bor gap.
Yurtimizda jismoniy tarbiya va sport tizimini tubdan isloh qilish, uni yangi bosqichga olib chiqish borasidagi strategik ishlar boshlanganligiga ko‘p bo‘lgani yo‘q. O‘tgan yillar mobaynida futbol, shaxmat, regbi, velosport, kurash, qilichbozlik, boks, dzyudo, chavandozlik kabi sport turlarini rivojlantirish, aholini ommaviy sport turlariga jalb etish, O‘zbekistonda sport harakatini yanada takomillashtirish bo‘yicha tegishli hujjatlar, dasturlar imzolandi, konsepsiya va yo‘l harakatlari tasdiqlandi.
Natijada ming-minglab yoshlar ommaviy sportga jalb etildi. Sport turlari bo‘yicha saralash (seleksiya) ishlari yangi bosqichga olib chiqilmoqda. Erta-indin Tokioga yo‘l olayotgan aksariyat sportchilarimiz mazkur tamoyillar va yo‘nalishlar bo‘yicha amalga oshirilgan tizimli ishlar sababli katta sport maydoniga kirib kelganligini va olimpiya yo‘llanmalariga sazovor bo‘lganligini nazarda tutsak, vazifalar aniqligidan, boshlangan ishlar xayrli bo‘lishidan dalolat.
Gapning rosti, davlatimiz tomonidan sportga berilgan alohida g‘amxurlik tufayli ko‘plab yoshlarimiz Tokio olimpiadasi chiptalariga sazovor bo‘ldi. Vatanimizning xalqaro sport maydonidagi imkoniyatlarini namoyish etdi. Zero, bundan ikki yil muqaddam yoshlar o‘rtasidagi musobaqalarda qatnashib yurgan Zaynab Dayibekova, Nigora Tursunqulova, Adxamjon Ergashev, Ulug‘bek Rashidov, Farangiz Xojiyeva kabi nihollar o‘sha kezlarda kattalar o‘rtasidagi Olimpiada bahslarida qatnashash yo‘llanmalariga egalik qiladi, desa mana-man degan mutaxassislar ham ishonmasligi mumkin edi.
Axir, kechagina birinchiliklarda qatnashib yurgan sportchi 1-1,5 yil oralig‘ida eng nufuzli musobaqa – Olimpiya yo‘llanmasini olishi shov-shuvli holat-da. Shunday ham bo‘ldi. Sport mutaxassislarining ishonchi, murabbiylarning tinimsiz mehnati, qo‘llab-quvvatlashi shunday iftixorga olib keldi. Bir guruh yoshlarimiz kattalar safida kunchiqar yurtga boradigan bo‘ldi. Vatan dovrug‘ini xalqaro sport maydonida ulug‘lashdek sharafga musharraf bo‘ldi. Bu esa so‘zsiz yurtimiz sport salohiyatini ko‘rsatib bermoqda.
Tarixga nazar tashlasak. Riodagi Olimpiadada AQSHliklar deyarli har sakkizinchi sovrinni qo‘lga kiritib, rekord o‘rnatgandi. O‘shanda amerikaliklar 554 nafar sportchi bilan 976 ta olimpiada medalidan 121 tasini o‘ziniki qilishgandi. Mamlakatimiz sportchilari Braziliyada 70 nafar sportchi bilan 13 ta sovringa egalik qilib, olimpiada “xazinasida” O‘zbekistonning ham haqi borligini namoyish qilgandi.
Agarki, Rio ob-havosidan kelib chiqsak, Tokioda ham AQSHning ishtahasi ancha baland bo‘lishi tabiiy. Qolaversa, bu gal Beruniy kashf etgan yurt sportchilari oz emas, kam emas 100 nafar ko‘p atlet bilan Tokio maydonlarida javlon urishini inobatga olsak, mukofot miqdori undan ham salmoqliroq bo‘lishi mumkin. Medallar poygasida Xitoy, Rossiya, Kanada, Yaponiya va boshqalarning ham ilinjli ekanligidan kelib chiqsak, biz bir muncha murakkab vaziyatga ro‘baro‘ kelayotgandekmiz, go‘yo.
bugungi kunda Olimpiya o‘yinlarining tobora yaqinlashgani sayin uning natijalari, kimning imkoniyati qanchaligi xususida turli saytlar, ommaviy axborot vositalari, mustaqil ekspertlar turfa fikr-mulohalzalar, bashoratlarni bildirmoqda. Ana shunday tahlillardan birini Olimpiya medallarini taxmin qilish tashkilotining olympicmedalspredictions.com sayti Tokio olimpiadasi bo‘yicha o‘z bashoratini e’lon qildi.
Xalqaro sport tashkilotlari orasida munosib nufuzga ega bo‘lgan mazkur tashkilotning saytida keltirilishicha, kutilganidek kunchiqar yurt olimpiya o‘yinlarida eng ko‘p medalga AQSH (106), Xitoy (92), Rossiya (70), Buyuk Britaniya va Yaponiya kabi davlatlar ega chiqishi qayd etilgan bo‘lsa, ularning taxminicha, O‘zbekiston umumiy medallar hisobida Shveysariya, Kanada, Ukraina, Hindiston va Belgiya davlatlari qatorida TOP-25talikda e’tirof etilgan.
Bashoratlar, taxminlar o‘z yo‘liga. Lekin «Tezroq, balandroq, kuchliroq – birgalikda” shiori ostida o‘tadigan Olimpiya o‘yinlarining tom ma’nosi ham insoniyatni ezgulikka, xamjihatlikka chorlash ekan, kunchiqar yurt musobaqalari ayni tamoyillarga xizmat qilmog‘i lozim.
Qolaversa, dunyo karonavirus balosi bilan kurashayotgan bir pallada XXXII o‘yinlarning ming bir mashaqqatlar bilan kechiktirib bo‘lsa-da tashkil etilayotgani, unda jahonning 200 dan ziyod davlatidan 12 ming 500 nafardan oshiq sportchilar 33 ta sport turi bo‘yicha kurashayotganligining o‘zi va ular safida bizning ham borligimiz, eslanayotganligimiz O‘zbekistonni yangi g‘alabalar, yangi marralar qarshilayotganligidan dalolatdir.
To‘lqin RO‘ZIEV