31 yoshli yigitning afsus-nadomatlari (+video)
Bugungi kunda psixotrop moddalar yoxud kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini iste’mol qiluvchilar soni ko‘payib borayotgani sir emas. Bu illat, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida ham tarqalayotgani achinarli holatdir. Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Toshkent shahar filialida ana shu kabi og‘uga ruju qo‘ygan insonlar davolanadi.
O‘zA muxbiri markazda bo‘lib, bu yerda davolanayotgan bir nechta bemorlar bilan suhbatlashdi.
Ulardan biri 31 yoshli A. ismli yigit. U garchand ayni kamolotga yetgan yoshda bo‘lsada ozg‘in jussasi, to‘kilgan tishlari va yuzidagi turli chandiqlar uni tamoman dorining quliga aylanib qolganini anglatadi.
Aytishicha, uni dori iste’mol qilishga ko‘chada orttirgan do‘stlari qiziqtirgan, iste’mol qilib ko‘rishni tavsiya qilgan. Boshida bir-ikki marta ichib, so‘ng tashlayman deb o‘ylagan. Ammo boshqa giyohvandlar qatori bu og‘udan qutula olmagan. Sintetik dorilarni asosan internet tarmog‘i orqali sotib olgan.
– Yaxshi bir xorij firmasida ish yurituvchi bo‘lib ishlardim, –deydi u biz bilan suhbatda. Dori qabul qilayotganimni, shirakayf ahvolda yurganimni sezib qolishgach, ishdan bo‘shatishdi. Keyin yaqinlarimni aldab pul olib yurdim, uydagi narsalarni sotishni boshlaganimdan so‘ng onam sezib qoldi. Ba’zida pul topsamda lekin belgilangan joyda dori bo‘lmasdi. Alam qilardi, yana pul topish uchun o‘g‘rilikka o‘tdim. Qamoqda ham o‘tirib chiqdim. Otam yoshligimda olamdan o‘tgan. Onam meni bir o‘zi yolg‘iz katta qilgan. Onam bu yo‘ldan qaytarishga bir necha marta urinib ko‘rdi. Men esa onamning ko‘z yoshlarini sezmasdim. Fikri xayolim dori topishda edi. Oxir oqibat onam kuchli yurak xurujidan olamdan o‘tdi.
Hamma yaqinlarim, do‘stlarim mendan yuz o‘girdi. Topgan pulimni bir lahzalik kayfga sarfladim. Uylanib, oila qurmadim. O‘g‘il bo‘lib onamning yoniga ikkita non ko‘tarib kelmadim. Bu yo‘lning oxiri jarlik ekan. Dori meni yengdi va butunlay holsizlanib yotib qoldim. Butun a’zoyi badanim qaqshab og‘rib, yurishga kuchim qolmadi. Qarindoshlarimning tavsiyasi bilan shu shifoxonada davolanyapman. Hozir ancha o‘zimni yaxshi his qilyapman. Bu yerda davolanish bepul. Shifokorlar bemorlarni og‘u ta’siridan qutqarish uchun ham jismoniy, ham ruhiy jihatdan davolashar ekan.
Yoshlarga aytadigan gapim: hech qachon dori iste’mol qilishmasin.
Sintetik dori uning quliga aylangan odamnigina emas, bir nechta odamlarning boshiga yetarkan. Sintetik dorilar qabul qilishdan charchadim. Kech bo‘lsada ko‘zim ochildi. Endi bu yog‘iga yo‘qotilgan sog‘lig‘imni tiklab, shifokorlar nazorati ostida sog‘lom turmush tarziga amal qilib yashashga qaror qildim, deydi u.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/SgpUdnclpOQ?si=oM_jt9YefnKZwM7T" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>N.Rahmonova, A,Ahmedov (video), O‘zA