300 ming nafar o‘quvchi “Coursera” IT-platformasida bepul tahsil oladi
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan AKTni joriy etish va raqamlashtirishga mas’ul bo‘lgan xodimlar uchun onlayn seminar-trening tashkil etildi.
Seminarda axborot texnologiyalari sohasidagi talaba va yoshlarni “Coursera” platformasidagi bepul hamda professional kurslarda o‘qitish masalalari muhokama qilindi.

Muhokamada Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki xodimlari ishtirok etdi. Ular “Coursera” onlayn o‘qitish platformasining imkoniyatlari va undan samarali foydalanish, ta’lim muassasalarida targ‘ibot ishlarini olib borish to‘g‘risida so‘z yuritdi. Shu bilan birga yoshlarga onlayn platforma orqali o‘qishni tashkil etish bo‘yicha taklif va tavsiyalar berildi.

Bugungi kunda respublikamizdagi umumta’lim maktablarining 190 ming nafar o‘quvchisi “Bir million dasturchi” loyihasining mantiqiy davomi sifatida tashkil etilgan “uzbekcoders.uz” portalida ro‘yxatdan o‘tib, dasturlashning zamonaviy yo‘nalishlarini o‘rganayotganini ta’kidlash zarur. Ulardan 130 ming nafardan ziyodi “Coursera” tomonidan beriladigan xalqaro darajadagi sertifikatlarga ega bo‘lgan. Yil oxiriga qadar 300 mingdan ziyod o‘quvchilar ushbu platformaning bepul kurslarida o‘qish imkonini beradigan sertifikatlarni qo‘lga kiritadi.
N. Usmonova tayyorladi, O‘zA